TOShKENT, 1 apr — Sputnik. 25-mart kuni Checheniston rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimiga tayinlangan Ramzan Qodirov o‘z atrofidagilardan nimani so‘rashi va nimadan qo‘rqishi haqida gapirdi, RIA Novosti xabari asosida.
"Atrofimdagilardan har doim, agar nohaq bo‘lsam, meni to‘g‘rilashlarini so‘rayman. Yoki hech bo‘lmasa: sen buni atay qilyapsanmi, shunga zarurat bormi, yoki bundan bexabarmisan, deb savol beringlar, deyman. Hayotiy tamoyilim: agar chin do‘stim, xizmatdoshim hayotiga qasd qilishsa, men u uchun o‘ch olaman, qoidadagidek. Shu bois, do‘stlarimdan har doim ikkita narsa haqida so‘rayman: agar noto‘g‘ri gapirayotgan bo‘lsam, sizlar buni ko‘rsalaringiz, meni to‘g‘rilang. Agar hayotimga suiqasd uyushtirishsa, do‘stim sifatida o‘ch olinglar”, — dedi u RIA Novostiga bergan intervyusida.
"O‘lim – bizga bog‘liq emas. Jarohat olish – bizga bog‘liq emas. Obro‘ni yo‘qotish esa… O‘zingni noto‘g‘ri tuta boshlasang, to‘g‘ri qaror qabul qilmasang, mana shunda hurmatingdan ham, vijdoningdan ham ayrilasan", — deb hisoblaydi 2007-yildan buyon Chechenistonga rahbarlik qilib kelayotgan Qodirov.
39 yashar Checheniston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, atrofidagi barcha insonlar unga nisbatan o‘z fikrini aytishi mumkin.
"U: siz nohaqsiz, deb ayta olmaydi, albatta. U menga, mana shu holat yuzasidan men bunday deb hisoblayman, o‘ylab ko‘r va bir qarorga kel, deb tushuntirishi mumkin", — tushuntiradi Qodirov.
"Agar atrofingdagi odamlar hech narsaga yaramasa, bu yaxshimas. Mana misol uchun mening yaqinlarimni olaylik – ular hamisha yetakchi bo‘lishgan, bugun o‘zlari yashaydigan muhitda, bolaligida ko‘chada, hayotga nisbatan ularning o‘z qarashlari bor, ular o‘z qarashlarini himoya qila olgan va hamisha oldinga intilishgan. Ular yonida irodasiz kishiga juda qiyin bo‘ladi. Chunki, ular o‘z fikrida sobit turadi. Agar siz hech qachon hech qayerda taslim bo‘lmagan bo‘lsangiz, bunday odamlar bilan o‘zingizni hotirjam his qilasiz, ularning gapiga quloq tutib, u yoki bu masalada fikrlarini tinglab, o‘z yo‘lingizda davom etaverasiz", — ta’kidladi u.