TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Oppozitsiyachilar tomonidan muntazam ravishda tanqid qilib kelinadigan Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning fikricha, “oppozitsiya” so‘zini Amerika ixtiro qilgan. Boshqa davlatlarni vayron qilish uchun.
"”Oppozitsiya” so‘zini Amerikada ixtiro qilishgan, boshqa davlatlarni vayron qilish, ya’ni o‘ldirish uchun”, — dedi Qodirov, RIA Novostiga bergan intervyusi davomida.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan haftada 2007-yildan beri Chechenistonga rahbarlik qilib kelayotgan Qodirov yangi saylovlarda qatnashishiga umid bildirdi. Eslatib o‘tamiz, Qodirovning respublika rahbari sifatida vakolati 5-aprel kuni tugaydi.
Qodirovning aytishicha, u yangi saylovlarda qatnashish-qatnashmaslikni hal qilgani yo‘q, “men hokimiyatga tish-tirnog‘im bilan tarmashmayman”, deydi u ishonch bilan.
"Men ilk bor Checheniston rahbari vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlanganimda (2007-yilda), respublikadan chetda yurgan va shu regionga qachonlardir rahbar bo‘lmoqchi bo‘lgan barcha chechenliklarni to‘pladim. Ularni taklif qilib: meni shu lavozimga tayinlashdi, men rahbar vazifasini vaqtincha bajarib turibman va hammangizni Chechenistonga taklif qilaman, dedim. Istagan yeringizni olib, dasturingizni menga ko‘rsating, deb taklif qildim. Xohlasangiz shaharni, xohlang ishlab-chiqarish sanoatini, xohlang qishloq xo‘jaligi sohasini oling, istagan yo‘nalishda faoliyat yuritishingiz mumkin, dedim. Asosiysi, menga dasturni ko‘rsating, xalq uchun nima qilib bera olasiz, men ko‘ray, dedim. Agar bunda ishtirok etishni istamasangiz, unda xalal bermang”, — hikoya qiladi Qodirov.
Qodirovning fikricha, agar u o‘shanda Checheniston respublikasi oldida turgan masalalarni yechishga ko‘zi yetmaganida, u rahbarlikni o‘z zimmasiga olmagan bo‘lardi. “Shundan keyin deyarli hammasi yordam qilib kelmoqda. Tadbirkor va siyosatchilarimizning 99,9%. Hammasi yordam qilmoqda, xalq hayotini farovonlashtirishda ishtirok etmoqda, hech kim xalal bermayapti” – deydi respublika rahbari.
Hozir ham, Qodirovning aytishicha, istagan odam Chechenistonga kelib o‘z dasturini namoyish etishi mumkin. "Alloh nomi bilan qasam ichaman, agar u o‘z jamoasi bilan shu region uchun yanada ko‘proq qila olsa, chechen xalqi uchun bir so‘m ortiqcha foyda bera olsa, biz bu ishni topshiramiz. Shu bois, biz hech qachon bu hokimiyat va amaldorlik kursisiga chirmashmaymiz. Biz hech qachon amaldor bo‘lishni orzu qilmaganmiz. Shunchaki, taqdir taqazosi bilan shu ishni bajarib turibmiz”, dedi Qodirov.
39 yashar Checheniston rahbarining aytishicha, yarim umrini rahbarlikka bag‘ishlaganidan keyin, u boshqacha yashab ham ko‘rmoqchi. “Nima qilibdi? Men ham odamman, oilam bor, normal hayot kechirishni xohlayman, hotirjamlikni istayman”, — deydi Qodirov.