TOShKENT, 14 mar – Sputnik. Pxenyan yakshanba kuni vodorod bombasi zarbasi bilan Manxettenni yo‘q qila olishini ma’lum qildi, xabar qiladi RIA Novosti Washington Post nashriga tayangan holda.
"Agar ushbu vodorod bombasini mintaqalararo ballistik raketaga o‘rnatib, Manxettenga qarata yo‘naltirsak, shahardagi barcha odamlar shu zahotiyoq halok bo‘lishadi, shahar esa kuyib, kulga aylanadi”, — deb ta’kidladi Shimoliy Koreyalik yadro bo‘yicha olim Cho Xong Il (Cho Hyong Il).
“Koreya bugun” nashri Shimoliy Koreyada ishlab chiqilgan vodorod bomba sobiq Ittifoqda 1961-yil sinovdan o‘tkazilgan — 100 kilometr radiusda kishilarda uchinchi toifadagi kuyishni keltirib chiqara oladigan va 1000 kilometr radiusdagi uylarning oynalarini chil-parchin qila oladigan bombadan ham qudratliroq ekani haqida ma’lumot bermoqda.
"Agar amerikalik imperialistlar tomonidan kichik bo‘lsa-da, harbiy noma’qulchilikka yo‘l qo‘ysalar va bizning milliy g‘ururimiz va suverenitetimizga dahl qilsalar, bizning mamlakat shavqatsizlarcha, ammo adolatli zarba bilan AQSh nomli davlatni yer yuzidan yo‘q qilib yuborishdek imkoniyatni qo‘ldan boy berib qo‘ymaydi", — deb ta’kidlanadi "Koreya segodnya" jurnalida.
Ammo aksariyat ekspertlarning fikricha, Pxenyan o‘z texnik imkoniyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatmoqda, deb yozadi Washington Post nashri.
Nima bo‘lganda ham, vaziyat kundan kunga keskin tus olmoqda. Janubiy Koreyada Shimoliy Koreya tomonidan bo‘ladigan tahdidning oldini olish maqsadida, o‘tgan haftadan boshlab AQSh bilan hamkorlikda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni boshlab yubordi.
Pxenyan ushbu mashg‘ulotlarga munosabat bildirishni kechiktirmadi. Agar AQSh Janubiy Koreyada harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni to‘xtatmas ekan, Shimoliy Koreya ham yadro qudratini oshirishda, ballistik raketalar va vodorod bombasini sinovdan o‘tkazishda davom etaverishini butun dunyoga ma’lum qildi.