TOShKENT, 2 mar — Sputnik. “Matbuot sohasida ishlaganimiz uchun Moskvada sodir etilgan jinoyat haqida birinchilardan bo‘lib xabar topdik va larzaga keldik. Ammo, bizni jinoyat sodir etgan ayol taqdiri emas, balki, Rossiyada ishlab yurgan o‘zbeklar taqdiri ko‘proq o‘ylantirdi. Bu jinoyat O‘zbekistonda yashab, mehnat qilayotgan migrantlar taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, degan xayolga bordik", dedi jurnalist.
O‘zbekistonlik OAV xodimi fikriga ko‘ra, Boboqulova bu mudhish jinoyatga shunchaki qo‘l urmagan. "Aqli-xushi joyida bo‘lgan, ayol, ayniqsa, o‘zbek ayoli bu kabi qabihlik — jajji bolani vahshiylarcha o‘ldirishga qo‘l urmaydi. Fikrimizcha, jinoyatchi kuchli ruhiy o‘zgarishni keltirib chiqiradigan narkotik modda iste’mol qilgan bo‘lishi mumkin yoki… Nima bo‘lgan taqdirda ham, farzandi bor ayol bunday mudhishlikka qo‘l urishi mumkin emas!
Biz, Rossiya huquq-tartibot organlari ushbu jinoyat yuzasidan tergov ishlarini sinchkovlik bilan olib borishlarini xohlaymiz. Qotillikni amalga oshirishdan maqsad nima bo‘lgan? Buning tagiga, albatta, yetish kerak. Jitnoyatchi esa — jazoga loyiq”, — dedi matbuot vakili.
Eslatib o‘tamiz, 29-fevral kuni Moskva shahri “Oktabrskoe pole” metrosi stansiyasida qo‘lida yosh bola boshini ushlab olgan ayol qo‘lga olindi. Guvohlarning so‘zlariga qaraganda, ayol “Allohu akbar!” deb baqirib, atrofdagilarni hozir o‘zini portlatib yuborishi bilan qo‘rqitgan. Shu bois uning yoniga borishga hech kim jur’at etmagan.
Oradan uzoq vaqt o‘tmay, ayol politsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Metro atrofida portlovchi modda aniqlanmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, 1977-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Gulchehra Boboqulova Moskva shahridagi Narodnoe opolchenie ko‘chasidagi ko‘pqavatli uylarning birida istiqomat qiluvchi oilada enaga bo‘lib ishlagan. Taxminlarga ko‘ra, ayol qizchaning ota-onasi uydan chiqib ketishlarini kutgan va shundan so‘ng qizchani o‘ldirib, kvartiraga o‘t qo‘ygan va telbanamo ahvolda ko‘chaga chiqib ketgan. Yong‘in o‘chirilgach, qizaloqning boshsiz tanasi aniqlangan(ilk ekspertiza xulosalariga ko‘ra, qizaloq avval bo‘g‘ib o‘ldirilgan va shundan so‘ng boshi tanasidan judo qilingan bo‘lishi ham mumkin).
O‘zbekiston IIV matbuot-xizmatiga qo‘ng‘iroq qilganimizda, Moskva shahrida o‘zbekistonlik ayol tomonidan sodir etilgan mudhish jinoyat haqida Rossiya internet resurslari orqali xabardor bo‘lishgani haqida ma’lum qilishdi. Jinoyatda ayblanayotgan ayol bilan bog‘liq savollarga izoh berishmadi.