TOShKENT, 2 mar — Sputnik. Agar Yer shari aholisi xuddi bugungi kabi ko‘payishda davom etsa, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab-chiqarish usullari va odamlarning ozuqaga bo‘lgan talabi o‘zgarmasa, 2050-yilga kelib insoniyat o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga duch kelishi mumkin, deyiladi Butunjahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi (WWF)tomonidan tayyorlangan bayonotda.
"Qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun hozirdanoq o‘simlik o‘sishi mumkin bo‘lgan yerlarning 50% ishlatilmoqda. Bunda shuni inobatga olish kerakki, oziq-ovqat ishlab-chiqarilishi, bu atrof-muhitga ta’sir etuvchi, uni transformatsiya qiluvchi muhim omillardan biri hisoblanadi”, — dedi bayonot mualliflari.
Bayonotda ko‘rsatilishicha, iqlim o‘zgarishiga olib keluvchi parnik gazlarining 25-30% aynan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab-chiqarilishi tufayli hosil bo‘ladi. Shu bilan bir qatorda, Yer yuzida ichishga yaroqli chuchuk suv miqdori 3%ni tashkil qilgan bir paytda, uning 69% aynan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun “tortib olinayotgani” aytib o‘tilgan. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi uyushmasi (FAO) ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlarining 31% shunchaki axlatga chiqarib tashlanmoqda. Insoniyat uchun yaroqli oziq-ovqat mahsulotlarining yillik “yo‘qotishi” 1,3 milliard tonna, deb baholanmoqda. Axlatga uloqtirilayotgan mahsulotlarning chorak qismi ham 795 million och odamlarni to‘ydirish uchun yetar edi, deyiladi bayonotda.
Bir qator davlatlarda esa, don ekiladigan maydonlar sonini ko‘paytirish maqsadida tropik o‘rmonlarni bir boshdan kesib chiqmoqda.
"Misol uchun 2014-yilda Braziliyada o‘rmonlarning 29% boy berildi”, izoh beriladi bayonotda.
Ekologiyaga oid fojianing oldini olish va shu bilan bir qatorda insoniyatni oziq-ovqatsiz qoldirmaslik uchun WWF ekologiya sertifikatsiyasi tizimini joriy etish va rivojlantirishni taklif qilmoqda.
Ishlab-chiqarishning bu standartlari soya(RTRS), palma yog‘i (RSPO), yovvoyi baliq (MSC) va dengiz mahsulotlarini yetishtirish sohasi (ASC) uchun yaratilgan.