TOShKENT, 27 fev – Sputnik. Jeneva qo‘mitasi Suriyada faoliyat yurituvchi terrorchilik uyushmalari ro‘yxatini tuzish borasida ishni oxiriga yetkazgani yo‘q, deb xabar qildi Suriya Arab Respublikasining BMTdagi doimiy vakili Bashar Jafariy, RIA Novosti xabari asosida.
"Jeneva qo‘mitasiga Suriyadagi “Islom davlati” va “Jabhat an-Nusra”dan tashqari mavjud bo‘lgan terrorchilik uyushmalari ro‘yxatini tuzish topshirig‘i berilgan edi. Ayni vaqtgacha bu ish yakuniga yetkazilmadi”, — dedi Jafariy Sputnik agentligiga.
BMT Xavfsizlik kengashi Suriyada jangovor harakatlar to‘xtatilishi to‘g‘risidagi kelishuv kuchga kirishidan bir soat oldin 27-fevral qoq yarim tundan boshlab mamlakatda tinchlik tartibi o‘rnatilganligini qayd etgan 2268 raqamli rezolyutsiyani qabul qildi.
“Tinchlik sulhi” Suriyada mavjud bo‘lgan “Islom davlati” va “Jabhat an-Nusra” terrorchilik uyushmalariga joriy etilmasligi ta’kidlab o‘tildi. Ularga qarshi harbiy harakatlar davom etadi.
Suriya hukumati o‘t ochishni to‘xtatish borasida Rossiya va AQSh o‘rtasida kelishilgan bitimga o‘z roziligini bildirdi. Ayrim muholifat kuchlar bu bitimga ishonchsizlik bilan qaragan bo‘lsa-da, ammo jangovor harakatlarni to‘xtatish g‘oyasi Suriya hukumatiga qarshi kuchlar tomonidan ham ma’qullandi: Rossiya davlati Mudofaa vazirligi general-mayori Igor Konashenkoning so‘zlariga qaraganda, ushbu bitim e’lon qilingan kunning o‘zidayoq tinchlik o‘rnatilishiga rozi bo‘lgan tomonlardan o‘nlab murojaatlar kelib tushgan.
Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Mixail Bogdanov esa “Tinchlik bitimi”ga qo‘shilmaydiganlar Rossiya va AQSh tomonidan bombardirovka qilinishi mumkinligini ta’kidladi.