TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Nafas yo‘llarining surunkali kasalligi (astma), bolalarning erta jinsiy balog‘atga yetishi, erektil disfunksiya(tez bo‘shanish), bepushtlik, diabetning ikkinchi turi, semizlik, aqliy zaiflik, autizm, ayrim turdagi mahsulotlarga allergiya paydo bo‘lishi, yallig‘lanish kasalliklari, ko‘krak va prostata bezi saratoni… 1990-yillardan boshlab butun dunyo bo‘yicha toksikolog va biologlar atrof-muhitdagi bir qator moddalarning inson organizmiga ta’sirini o‘rganib kelishmoqda. Olimlar bu moddalarga “endokrin bezlari yemiruvchilari” deb nom berishgan, deb xabar qiladi Sputnik Armaniston.
Oradan 25-yil o‘tdi. Ammo keng omma “yemiruvchilar” haqida hali ham aniq ma’lumotlarga ega emas. Ushbu zararli qo‘shimchalar esa mamlakatlardagi neftni qayta ishlash, kosmetika va farmatsevtika zavodlarida ishlab chiqariladi. Sog‘lig‘imiz va atrof muhitga bu moddalar jiddiy zarar yetkazishiga qaramay, hammamiz ularni to‘xtovsiz tanovvul qilamiz.
Organizmimizdagi endokrin tizimi gormonlarni ishlab chiqaradi, misol uchun, ayollarda estrogen, erkaklarda esa testosteron gormonlarini. Gormonlar inson hayotida nihoyatda muhim rol o‘ynaydi. Shu bois, bu tizimning “yemirilishi” ovqat hazm bo‘lishi, bo‘y o‘sishi, miya faoliyati hamda rivojlanishi singari eng muhim jarayonlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Xavf ta’siri qay darajada?
Tabiiy tarix milliy muzeyi xodimasi Barbara Demenei atrof-muhit ifloslanishining inson ruhiyati va ongiga ta’sirini tahlil qilib chiqdi. Jumladan, u endokrin bezini ishdan chiqaruvchi moddalarning bolalarga ta’sirini obdon o‘rgandi va tahlil qildi.
“U xoh o‘simlik, xoh qurbaqa, xoh ayol, xoh qari chol bo‘lsin, zararli modda(qo‘shimcha)lar hammaga birdek ta’sir qiladi. Ular inson genlariga o‘zgartirish kiritish xususiyatiga ega. Bundan hech kim istisno emas. Hatto, olis shimolda yashovchi oq ayiqlar ham ushbu moddalar bilan zararlangan. Qanday deysizmi? Dengiz va atrof-muhit ana shunday moddalar bilan zaharlanganligi tufayli, oq ayiqlar ham zarar ko‘rgan”, — deydi Demenei.
Endokrin bezini “yemiruvchi” moddalarning biosferaga ta’siri haqida ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazilgan ekan, nima uchun oldinga siljish bo‘lmayapti?
Olimlar tomonidan bu sohada ishni murakkablashtiruvchi oltita omil mavjudligi aniqlangan:
1. Miqdor. Atrof endokrin bezini “yemiruvchi” moddalarga to‘la, lekin ular miqdori juda oz, shu bois ularni aniqlash qiyin. Ammo bu holat ularning xavfliligini inkor etmaydi: zararli mahsulotlar xavfi shundaki, ularning ta’siri miqdorga emas, balki, davomiylikka bog‘liq.
2. Kokteyl. Zaharli moddalar atrofimizda shu qadar ko‘pki, ularning qay biri u yoki bu kasallik rivojlanishiga sababchi ekanini aniqlash amrimahol.
3. Atrof-muhit ifloslanishi. Insonda vujudga kelgan kasallik belgilari qaysi turdagi “yemiruvchi” tomonidan kuchaytirilishini tahlil qilish uchun, avval atrof-muhit holatini(suv, havo, tuproq ifloslanganlik darajasini…), inson hayot tarzini (oziqlanishi, stress, uyqu, dorilar, kosmetika…) va uning genetikasini diqqat bilan o‘rganib chiqish lozim. Buning uchun esa juda uzoq vaqt va ko‘p mablag‘ talab etiladi, va o‘ylashimizcha, bundan naf ham yo‘q, chunki atrofimizdagi muhit shu darajada ifloslanganki, u yoki bu modda ta’sirini foizlarda ifodalab berish imkoni bo‘lmaydi ham.
4. Ta’sir qilish usullari xilma-xilligi. Endokrin bezini yemiruvchi moddalarning hammasi ham gormonlarga bir xilda ta’sir ko‘rsatmaydi. Bir turdagilari tabbiy gormon faoliyatini vujudga keltirsa, boshqalari bu faoliyatni cheklaydi, uchinchi turdagilari esa gormon ishlab chiqilishi va sekretsiyasi davrida, uni jiddiy buzilishlarga olib keladi.
5. Ta’sir qilish davri. Ushbu zararli moddalar ta’siri ayol homiladorligida yoki inson xayotining dastlabki davrlarida yoki o‘smirligida ro‘y bersa, ya’ni tana va miya rivojlanishining eng muhim bosqichlarida, oqibat juda ham ayanchli bo‘lishi mumkin.
6. Bardoshlilik. Endokrin bezi yemiruvchilari suv, havo va tuproqda o‘n, balki, yuz yillab mavjud bo‘lishi mumkin. Inson bilan aloqa qilgandan keyin, oradan yillar o‘tib, bu moddalar o‘zi haqida bildirishi mumkin.
Bulardan ma’lumki, olimlar u yoki bu moddaning xavfli ekanini aniqlab bera olmayaptilar.
Ishlab chiqaruvchilar esa ushbu alg‘ov-dalg‘ovliklardan foyda olishmoqda.
Agar siyosatchilar bu borada chora ko‘rmasa, inson sog‘lig‘ini yemiruvchi qo‘shimchalarga “to‘ydirilgan” mahsulotlar Yevropa va boshqa mamlakat bozorlarini ishg‘ol qilishda davom etaveradi.
Ya’ni, tijoratchilar ishlab chiqarayotgan tovarlari xavfsiz bo‘lgani uchun emas, balki, ularning xavfliligini hech kim isbot qilib bera olmayotgani uchun o‘z biznesini rivojlantirishda davom etaveradilar.