TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Internet tarmog‘ida Vovan va Leksus sifatida mashhur telefon xuliganlari — Vladimir Kuznetsov va Aleksey Stolyarov kuni kecha Ukraina prezidenti Petr Poroshenko va Bosh vazir Arseniy Yatsenyuk nomidan Turkiya prezidenti Toyib Erdo‘g‘on bilan suhbat o‘tkazishgani haqida ommaga ma’lum qilishgan edi.
NTV saytida berilgan xabarga ko‘ra, xuliganlar suhbat davomida Erdo‘g‘onga Rossiyaga qarshi birikishni, ukrainalik amaldorlarga sayohat uchun chegirmalar kiritishni taklif qilishgan hamda Erdo‘g‘on urib tushirilgan Su-24 samolyoti uchun Putindan uzr so‘ramoqchi emasligiga ishonch hosil qilishgan.
Erdo‘g‘on ma’muriyati ushbu ma’lumotni inkor etayotgan bo‘lsa-da, telefon suhbati NTV telekanali saytida omma e’tiboriga havola qilindi.
Do‘stlikka qarshimiz
"Biz siz bilan birikkan holda Rossiyaga qarshi amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan harakatlarni muhokama qilmoqchi edik, siz bunga nima deysiz”, deb savol tashlashgan Erdo‘g‘onga Vovan va Leksus.
Erdo‘g‘on bunga javoban taklifni bajonidil qabul qilishini aytib, “bu borada hech qanday shubha bo‘lishi mumkinmas, ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin”, degan.
"Umid qilamanki, urib tushirilgan samolyot uchun Rossiya prezidentidan uzr so‘ramassiz?" — qiziqsinab savol berishgan xuliganlar. Saytdagi xabarga ko‘ra, Turkiya prezidenti “Hecham bunday qilish niyatim yo‘q” degan javobni aytgan.
Uchuvchini taqdirlash
Telefon xuliganlari, shuningdek, “suhbat” davomida Rossiyaning “Su-24” bombardimonchisini urib tushirgan turk uchuvchisini mukofotlash haqida taklif kiritganlar.
"Siyosiy aksiya sifatida, biz, hatto, Turkiya havo hududini buzgan o‘sha samolyotni urib tushirgan uchuvchingizni taqdirlashga tayyormiz. Sababi, davlat suvereniteti va uning dahlsizligi – biz uchun juda muhim tamoyillardan biri. Bu — sizu bizni yanada yaqinlashtiradigan siyosiy odim bo‘lar edi”, — degan xuliganlar.
Erdo‘g‘on, go‘yo bunga ehtiyoj yo‘qligini ta’kidlagan.
Qrim va Suriya
Prankerlar, shuningdek, Erdo‘g‘onga Qrim yarimorolini iqtisodiy va dengiz tomondan blokada qilishga qo‘shilishni taklif qilishgan. Turkiya prezidenti bunga javoban: “Bu masala avval tashqi ishlar vazirligi darajasida muhokama qilinishi lozim”, deb javob qaytargan.
Prankerlar shuningdek, Erdo‘g‘on qachon Suriyada urush boshlashi va bu borada Ukraina armiyasi yordami kerakmasmi, deb qiziqib ko‘rishgan.
"Bu haqda biror o‘zgarish bo‘lsa, sizlarga albatta, xabar qilamiz” – ta’kidlagan javoban Erdo‘g‘on.
Suhbat yakunida soxta-Poroshenko Erdo‘g‘onni Ukraina va Turkiya hammomlarini shaxsan taqqoslab ko‘rish uchun Kiyevga taklif qilgan. "Mening juda yaxshi hammomchim bor, uning ismi Oleg Lyashko, u Ukraina radikal partiyasi yetakchisi, va u sizni hammomda yaxshilab bug‘lab qo‘yishga tayyor", — deb suhbatga xotima yasagan prankerlar.