TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Vladimir Kuznetsov(Vovan) va Aleksey Stolyarov(Leksus) ismli rossiyalik telefon xuliganlari Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘onni chuv tushirgani haqida ma’lum bo‘ldi, RIA Novosti xabari asosida.
Telefon orqali kechgan suhbat davomida Kuznetsov va Stolyarov o‘zlarini Ukraina prezidenti Potr Poroshenko hamda Bosh vazir Arseniy Yatsenyuk sifatida tanishtirishgan.
Suhbat anonsi Kuznetsovning YouTubedagi rasmiy saytida omma e’tiboriga havola qilingan. Suhbatning to‘liq versiyasi 12-fevral kuni chop etilishi aytilmoqda.
Turkiya prezidenti Ukraina rahbari bilan iliq salom-alik qilgan va uni “qadrdon do‘stim” deb atagan.
Suhbat davomida “Ukraina tomon” “Rossiya sanksiyalari tufayli jabr ko‘rgan” mamlakat rahbarlari uchrashuvini tashkillashtirish niyati borligi haqida aytib, Rossiyaga qarshi harakatlarni tashkil etishni taklif qilgan. "Bajonidil. Bu borada zarracha shak-shubha bo‘lishi mumkin emas”, — javob qilgan Erdo‘g‘on.
Prankerlar shuningdek, Erdo‘g‘ondan “Su-24 mojarosi” yuzasidan Rossiya prezidentidan uzr so‘rashi-so‘ramasligi haqida ham savol berishgan.
Vladimir Kuznetsov va Aleksey Stolyarov bundan oldin britaniyalik qo‘shiqchi Elton Jon, Odessa gubernatori Mixail Saakashvili, Kiyev meri Vitaliy Klichko va boshqa bir qator taniqli shaxslarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni masxarabozlik obyektiga aylantirgan.