TOShKENT, 11 fev — Sputnik, Amangeldi Nurmurodov. Xitoy-Qozog‘iston-Turkmaniston-Eron marshruti bo‘yicha ishga tushirilgan ilk sinov konteyner poyezdi Turkmanistondan Eronga yo‘l oldi, xabar qiladi RIA Novosti Ashxobod mahalliy ommaviy axborot vositalariga asoslangan holda.
Ushbu sinov reysidan maqsad — yangi temir yo‘l marshruti orqali yuk tashishni yo‘lga qo‘yishdir.
Turli tovarlar ortilgan poyezd yanvar oyi oxirida Xitoy sharqiy provinsiyasi — Chjetsanda joylashgan Iu shahridan yo‘lga chiqqan va 9 kun ichida 7908 kilometr masofani bosib o‘tib, Turkmanistonning Serxetak temir yo‘l stansiyasiga yetib kelgan.
Mutaxassislarning taxmini bo‘yicha poyezd bir necha kundan keyin o‘zining oxirgi punkti – Eron poytaxti Tehron shahriga yetib borishi kerak.
Xitoy-Qozog‘iston-Turkmaniston-Eron marshrutining umumiy davomiyligi 10 ming kilometrni tashkil qiladi. U yo‘lda ikki hafta harakatlanadi, bu esa dengiz orqali bosib o‘tiladigan masofadan ikki barobar qisqa. Dengiz orqali bu ish uchun 25-30 sutka vaqt ketadi.
Ushbu transport-tranzit koridori Qozog‘iston-Turkmaniston-Eron xalqaro temir yo‘li qurilishidan keyin yaratilgan edi. Temir yo‘l ochilish marosimi 2014-yilda dekabr oyida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev va Eron rahbari Hasan Ruxoniy ishtirokida o‘tkazilgan edi.