TOShKENT, 3 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya 2016-yilning 1 kvartali yakuniga qadar Moskvada uchrashuv o‘tkazmoqchi. Uchrashuvda mehnat migrantlari masalasi muhokama qilinadi, xabar qildi Sputnik muxbiriga O‘zbekiston Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi mehnatni muhofaza qilish inspeksiyasi rahbari Botir Shahriyorov.
Shahriyorovning so‘zlariga qaraganda, rus va o‘zbek mutaxassislari ayni vaqtda O‘zbekiston fuqarolariga Rossiya hududida to‘laqonli mehnat faoliyatini amalga oshirish imkonini beruvchi loyiha ustida ish olib borishmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi kelishuv Rossiyaga tashrif buyuruvchi o‘zbek migrantlarini huquqiy kafolatlar bilan ta’minlashi kutilmoqda.
"Tomonlar (O‘zbekiston va Rossiya, tahr.) tayyorlanayotgan hujjatning dastlabki loyihalarini o‘zaro almashdilar. 2016-yilning birinchi choragida Moskvada vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu uchrashuvda mehnat migratsiyasi yo‘nalishida ishlar qanday borayotgani muhokama qilinadi. Ushbu kelishuv Rossiyada faoliyat yurituvchi o‘zbekistonliklarni ijtimoiy va huquqiy kafolatlar bilan ta’minlaydi”, — ta’kidladi Shahriyorov.
Federal Migratsiya xizmati(FMS) ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda Rossiyadagi o‘zbekiston fuqarolari soni 1,8 milliondan ziyod. So‘nggi bir necha oy davomida Rossiya iqtisodiyotida yuz bergan inqiroz tufayli mehnat muhojirlari soni keskin tusha boshlagan. Noyabr oyida mamlakat hududidagi o‘zbek fuqarolari soni 1,9 millionni tashkil qilgan.