TOShKENT, 23 yanv — Sputnik, Aleksandr Shishlo. Italiya Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarga kirib keladigan qochoqlar oqimini to‘xtatish maqsadida Turkiyaga uch milliard yevro mablag‘ berilishiga qarshi chiqmoqda, xabar qiladi RIA Novosti, Brusseldagi diplomatik manbalardan olingan ma’lumotlar asosida.
"Italiya ushbu qarorga keskin qarshilik bildirdi. Sababi, YeI budjetidan atigi milliard yevro ajratilishi belgilangan. Qolgan ikki milliard yevro esa Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar zimmasiga yuklatilgan", — xabar qildi manba agentlikka.
Sal vaqt oldin Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘li Turkiya rahbariyati Yevropa Ittifoqdan – noqonuniy migratsiyaning oldini olish bo‘yicha Anqara va Brussel o‘rtasidagi kelishuv yuzasidan majburiyatlar bajarilishini kutayotgani haqida ma’lum qilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2,5 million suriyalik va 300 ming iroqlik qochoqlar hozirda Turkiyadan boshpana topishgan.
Yevropa davlatlari, ayniqsa, Germaniya Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on “qochoqlar masalasi”ni hal qilishiga juda katta ishonch bildirmoqda. Shu bois, Turkiya Bosh vaziri ta’kididan so‘ng, Germaniya hukumati rasmiy vakili Shtefen Zaybert Anqaraga 3 milliard yevro moliyaviy yordam ajratilishi yuzasidan berilgan va’da o‘z kuchini yo‘qotmagani haqida ishontirishga shoshildi.
Zayberning so‘zlariga qaraganda, ushbu mablag‘ning bir qismi YeIning 2016-yilgi budjetiga kiritilgan. Ayni vaqtda YeIga a’zo mamlakatlar mablag‘ning qolgan qismini kim to‘lashini muhokama qilishmoqda. Shu o‘rinda aytish joizki, Germaniya mablag‘ning qolgan qismi YeI ishtirokchi-mamlakatlar o‘rtasida teng taqsimlanishi uchun jon kuydirmoqda.