TOShKENT, 22 yanv — Sputnik, Ivan Zaxarchenko. Shimoliy Koreya tomonidan yadro quroli sinovdan o‘tkazilishi ko‘pgina davlatlarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Janubiy Koreya qatorida bir qancha davlatlar Pxenyanning bu hatti-harakatiga qarshi sanksiyalar e’lon qilinishi lozimligi haqida baralla hayqira boshlagan bir paytda, G‘arb davlatlari Xitoyga KXDRni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qila boshladilar, RIA Novosti xabari asosida.
Janubiy Koreya mamlakati bundan bir oz vaqt oldin “Ayni vaqtda Shimoliy Koreya tashqi savdosining 90% qo‘shni davlat – Xitoy izmida”, deya xabar qilgan edi.
Shimoliy Koreya shu kechayu-kunduzda o‘ziga nisbatan ko‘rilayotgan qarshi choralarga javoban chet mamlakatlar yordamisiz ham kun kechira olishini ma’lum qilmoqda.
"Tashqi tomondan yordam bo‘lsa — yaxshi, ammo yordam bo‘lmasa ham — yaxshi. Qat’iyatimiz ifodasi shunda", — deb yozadi Shimoliy Koreya markaziy nashri bo‘lmish "Nodon sinmun".
"Hozirgi kunda mavjud talay qiyinchiliklar va tanqisliklarga qaramay, biz o‘z Vatanimizdan faxrlanamiz va qalbda iftixor tuyg‘usi bilan buyuk orzuimiz va xalq idealiga o‘z kuchimiz, o‘z texnologiyalarimiz va o‘z resurslarimiz yordamida erishamiz”, — deb ta’kidlaydi Koreya Mehnat partiyasi Markaziy Qo‘mitasi organi.
Yuqorida aytilgani kabi, hozirda Shimoliy Koreya tashqi savdosining 90% Xitoy izmida. 6-yanvar kuni Pxenyan to‘rtinchi bor yadro qurolini sinovdan o‘tkazgach, AQSh Pekindan Shimoliy Koreyaga neft mahsulotlari yetkazib berishni hamda undan antratsit xarid qilishni to‘xtatishni talab qildi.
Shimoliy Koreya yadro bombasi sinovini AQSh tomonidan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan hujumning oldini olish maqsadida o‘tkazganligini aytgan edi. Ammo bir qator davlatlar Pxenyanga qarshi keskin choralar ko‘rilishi tarafdori. Bu mamlakatlar, eng avvalo, Shimoliy Koreya yadro dasturidan voz kechishiga erishmoqchi.