Xalqaro xotin-qizlar kuni ayyomi arafasida Sputnik O‘zbekiston muxbiri O‘zbekistondagi yagona ayol-rektor – Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti rahbari Gulchehra Rixsiyeva bilan suhbatda bo‘ldi. Rektor intervyu davomida ayol rahbar bo‘lishning o‘ziga xos jihatlari, ilm yo‘lini tanlagan xotin-qizlar uchun yaratilajak qulayliklar hamda mamlakatda avj olgan «reyting poygasi” haqida to‘xtaldi.
Gulchexra Rixsiyeva 1971-yil Toshkent viloyati Zangiota tumanida shifokorlar oilasida tavallud topgan. Ma’lumoti oliy, 1993-yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Sharqshunoslik institutida 2000-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
2019 yilda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2019-yil iyul oyidan ToshDShI rektori. Shuningdek, Respublika gender tenglikni ta’minlash komissiyasi a’zosi. Respublika Oliy ta’lim kengashi a’zosi.
- Gulchehra Shavkatovna, O‘zbekistonda ayol-rektor ham tayinlanganiga to‘qqiz oy bo‘libdi...
- Bu menga nisbatan bildirilgan katta ishonch, katta mas’uliyat, hatto chaqiriq, deyish mumkin. Lekin men O‘zbekistondagi birinchi ayol-rektor emasman. Mustaqillikning dastlabki yillarida tekstil institutini ayol-rektor boshqargan. Oxirgi yillarda mamlakatimizda har bir sohada jadal islohotlar amalga oshirilmoqda va bu islohotlarni ayollarning ishtirokchisiz hech ham tasavvur etib bo‘lmaydi. Prezidentimiz tomonidan ayollarga ko‘rsatilayotgan e’tibor – ularning ijtimoiy hayotdagi o‘rnini faollashtirishga yo‘naltirilgan.
Misol uchun, Parlamentimiz raisi etib ayol kishi – Tanzila Kamalovna Narbayeva tayinlangani yoki shu kunlarda guvohi bo‘layotganingiz – bir guruh ayollarimizning hokim lavozimiga tayinlanayotganliklari, yoki bo‘lmasa, Maktabgacha ta’lim vazirligiga ayol rahbar tayinlangani - mamlakatimizda, biz, ayollarga ishonch ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Globallashuv jarayonlari butun dunyoda qiyin muammolarni keltirib chiqarayotgan bir paytda, ayniqsa, ijtimoiy munosabatlarda turli qiyinchiliklar bilan rivojlanish ro‘y berayotgan bir paytda, bizning mamlakatimizda ayollarga nisbatan bunday e’tibor katta demokratik jarayondan dalolat beradi.
Fikrimcha, umuman ta’lim jarayonini ayollarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi ham.
- Ta’lim jarayonida ayollar ko‘pchilikni tashkil etishi bu yaxshimi yoki yomon?
- Albatta, bu ikkiyoqlama qarashlarni keltirib chiqaradi. Maktab va oliy ta’lim o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish maqsadida viloyatlarga uyushtirgan safarlarimiz davomida guvohi bo‘ldik-ki, maktab tizimida ayollar haqiqatan ham oxirgi yillarda juda ko‘p bo‘lgan. Lekin oxirgi ikki yil davomida davlat rahbarimiz tomonidan o‘qituvchilar mavqeyini oshirish masalasiga juda katta e’tibor qaratildi va o‘qituvchilarning ham moliyaviy jihatdan, ham ularning shart-sharoitlarini yaxshilash jihatdan amalga oshirilgan ishlar natijasida erkak o‘qituvchilar o‘z faoliyatiga qaytayotganliklarini ko‘rapmiz. O‘g‘il-qizlarimiz tarbiyasida ayollar bilan baravar erkaklar ham faol ishtirok etishlari lozim. Chunki gap shaxsni shakllantirish jarayoni haqida bormoqda.
- Ruslarda bir maqol bor: “Novaya metla metet po novomu”, degan. Ya’ni har bir yangi rahbarning o‘ziga xos boshqaruv usuli, prinsiplari bo‘ladi. O‘tgan 9 oy davomida institutda o‘z tartib-qoidalaringizni joriy etishga ulgurdingizmi?
- Rektor etib tayinlanishim mamlakatimizda tubdan o‘zgarishlar bo‘layotgan paytga to‘g‘ri keldi, buni bilasiz. Ammo amalga oshirilayotgan ishlarni faqatgina o‘z faoliyatim tufayli, deb baholay olmayman. Toshkent davlat sharqshunoslik instituti o‘ziga xos an’ana va tajribaga ega bo‘lgan dargoh. Jamoamiz judayam axil, jips. Shaxsan men bu bilan faxrlanaman va faqat jamoa bilan nimagadir erishish mumkinligiga ishonaman. Qayerda axillik bo‘lsa, kollektiv jips bo‘lsa, qanday reja qo‘ymang, uni bajarishga ko‘proq imkoniyat bo‘ladi.
Ulkan istiqbolli rejalarni o‘z ichiga qamrab olgan 2030-yilgacha Oliy ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangach, biz ham o‘z navbatida jamoamiz bilan Sharqshunoslik instituti kelajagi qanday bo‘ladi, yangi kun talablaridan kelib chiqqan holda qanday qilib raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash mumkin, degan masalani o‘z oldimizga qo‘ydik. O‘tgan 9 oy davomida talabalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, o‘qituvchilar ilmiy salohiyatini oshirish, zamonaviy o‘quv metodikalarini olib kirish, yangi ta’lim yo‘nalishlarini ochish, doktoranturada qamrovni kengaytirish jamoamizda yaratilayotgan ilmiy ishlar natijalarini kengroq targ‘ib etishga e’tibor qaratdik.
- Oliy ta’lim tizimidagi yangiliklardan biri, bu shubhasiz, milliy reytinglar e’lon qilinishi bo‘ldi. Nima deb o‘ylaysiz, mana shu reytinglar oliy ta’lim maskanidagi ta’lim sifatini qay darajada obyektiv baholaydi?
- Institutimiz 2017-yil eng kuchli beshtalikda bo‘lgan. Ikkinchi o‘rinda edik. Unga qadar beshinchi o‘rinda kelganmiz. 2018-yilda ikkinchi o‘rinda edik.
Ammo oxirgi reytingda 10 o‘ringa tushib ketdik. Shaxsan men uchun bu raqobat kuchayganini anglatadi. Bilasizmi, ilgarilari hamma OTMlar ham bunday reytinglar mazmunini tushunmas edi, shu bois o‘sha vaqtlarda raqobat bugungi kundagidek bo‘lmagan. Endi esa boshqa oliy ta’lim dargohlari ham ko‘rsatkichlar yuqori bo‘lgandagina, jahonga chiqa olishini, bundan keyin befarq bo‘lish mumkinmasligini tushungandek.
- O‘zbekiston o‘z oldiga Markaziy Osiyoda ta’lim xabiga aylanish kabi ulkan vazifani qo‘ygan. Ammo yana bir holat bor, ko‘pgina o‘zbekistonlik yoshlar ushbu mintaqadagi boshqa davlatlar OTMlarini tanlab chiqib ketmoqda.
- Haqiqatan Markaziy Osiyoda xab bo‘lish muhim vazifa qilib belgilangan. Buning uchun, aynan, har bitta oliy ta’lim muassasasida ta’limni internalizatsiyasi masalasi yuzasidan yo‘l xaritasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Xab bo‘lish uchun ikki tomonlama shartnomalarni kuchaytirish, hamkor universitetlarda malaka oshirish, u yerdagi yaxshi tajribani olib kelib, o‘zimizda joriy etish juda muhim. Shu bilan birga u yerdan professor-o‘qituvchilarni olib kelib talabalar uchun ma’ruza darslari, o‘qituvchi, magistr va doktorantlar uchun esa master klasslarni tashkil etish ham yaxshi samara beradi.
Talabalarni qisqa va uzoq muddatli stajirovkaga yuborish, chet ellik talabalarini bizning institutimizga jalb qilish masalasi ham bor. Agar mana shu ishlarning hammasini amalga oshiradigan bo‘lsak, haqiqatdan O‘zbekiston habga aylanishi mumkin. Buning uchun bizda salohiyat mavjud.
- Sharqshunoslikda xorijiy talabalar soni qancha?
- Hozir 43 nafar talaba bor. Xitoy, Yaponiya, Koreyadan shartnoma yoki o‘zaro almashinuv asosida kelib o‘quvchi stajor talabalar bor. Ular o‘zbek va rus tillarini o‘rganishadi.
- Ayol rektorning tayinlanishi ilmga chanqoq xotin-qizlarda umid tug‘diradi. Ya’ni ular endilikda sizdan ayollar uchun shart-sharoitlar yaratilishini kutishadi. Institut hududida yosh bolali ayollar uchun sharoitlar mavjudmi?
- Albatta, bizning mintaqada oilaga jamiyat tayanchi sifatida qaraladi. Bunda ayolning o‘rni, albatta, katta. Institutimiz bitiruvchilari ichida doktoronturaga kirish, ayol sifatida ham jamiyatda ham oilada o‘z o‘rniga ega bo‘lishni xohlovchi qizlarimiz juda ko‘p. Yosh bolali talabalarimiz ham ko‘p. Bolasi yosh bo‘lishiga qaramasdan, bizda mustaqil tadqiqotchilikka kirgan va ustozi bilan birga ishlaydi. Ular bilan masofaviy aloqa o‘rnatilgan.
Ammo yaqin kelajakda institut hududida ona va bola xonasini joriy qilmoqchimiz. Siz bilan uchrashib turgan mana shu bino rekonstruksiyasi bo‘yicha talabnoma tayyorlangan. Agar bu amalga oshadigan bo‘lsa, ona va bola xonasi, sotsial zonalar tashkil etish mo‘ljallangan. Rejalar ko‘p va katta. Umuman, ona va bola xonalarining oliy ta’lim muassasasida joriy qilinishi allaqachon boshlab yuborilgan. Chunki talabalarning ko‘pi turmushga chiqqan va yosh bolali.
- Ayol-rektor va oila, oiladagi majburiyatlar tushunchasi qanchalik bir-biriga to‘g‘ri keladi? So‘ramoqchi bo‘lganim, qanday qilib ham rahbarlikni ham uy yumushlarini uddasidan chiqapsiz?
- Farzandlarim ulg‘ayib, o‘z yo‘lini topgan. Shu bois menda hozir imkoniyat keng (jilmayadi). Lekin men ham hozirgi kunga erishgunga qadar oilada boshqa ayollar singari kelin bo‘lganman. O‘zbek ayoli sifatida boshqa ayollar nimani boshdan kechirgan bo‘lsa, o‘shalarning barini boshdan o‘tkazganman. Aspiranturada o‘qiganimda ikki farzandni onasi edim, ammo bunga qaramay, oiladagi majburiyatlarimni ham unitib qo‘ymaganman. Farzand tarbiyasiga ham vaqt ajratganman. Shu bilan bir qatorda ilmiy ishimni yozish va o‘z ustimda ishlash uchun ham kuch topganman. Birinchi navbatda bu oiladagi muhitga bog‘liq. Oilangiz sizni qo‘llab-quvvatlasa hammasini uddalasa bo‘ladi. Ko‘pchilik qizlar oilangizdagilar sizga nimadir qilishi, yordam berishi kerak, deb hisoblashadi. Men uchun muhimi men erishgan yutuqlardan xursand bo‘lishgani va shu ish bilan shug‘ullanishimga rozi bo‘lishganligi. Bunda qaynonamning xizmatlari katta. U kishi mening fan nomzodi bo‘lishimni juda ham xohlaganlar. Meni yutuqlarimdan faxrlanganlar. Bu narsa menga motivatsiya bo‘lgan. Ammo bu narsa menda uy ishlariga kimdandir yordam olishga, bolalarimga enaga yollashga sabab bo‘lmagan. Doim barchasiga o‘zim ulgurishga harakat qilganman. Ayollik vazifamni to‘liq bajarganman. Hozirgi kunda qizim ham, kelinim ham huddi shunga o‘rganishgan.
- Ayol rahbarni erkaklar tan oladimi, ular bilan ishlash qiyin emasmi?
- Bu jarayonda faqat hamkorlik orqali ishlash mumkin. Albatta o‘z prinspim bor, ammo jamoada, “men rahbarman” deb emas, komanda a’zosiman deb ishlashni ma’qul ko‘raman. Jamoada avtoritar emas, demokratik tizim asosda ish olib boramiz. Yoshi ulug‘ ustozlar bilan ota yoki onamdek, o‘z tengqurlarim bilan do‘stdek, kichiklari bilan singlim yoki ukamdek muomala qilaman.
- Ijtimoiy tarmoqlarda faolmisiz?
- Albatta, Facebook, Telegram"da sahifalarim bor. Qolaversa, virtual qabulxonam ham bor. Talabalar istalgan vaqtda menga murojaat bilan chiqa olishadi.
- Siz uchun eng katta yutuq nima?
- Institut talabalari to‘g‘risida aytilgan ikki og‘iz yaxshi so‘z. Chunki bu dargohni ikkinchi oilam, talabalarni esa farzandlarimdek qabul qilaman. Ota-ona o‘z farzandlari yutuqlaridan quvongani singari, men ham talabalarimiz yutuqlaridan shunday faxrlanaman.