TOShKENT, 25 sen — Sputnik. Sudyalarning oliy malaka hay’ati va sudyalar malaka hay’atlarining 2017-yilning o‘tgan davridagi ishlari, sohadagi muammolar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida sudyalar tomonidan odob-axloq kodeksiga rioya etish ustidan nazoratni kuchaytirish zarurli ta’kidlandi, deb xabar qildi O‘zbekiston Hukumat portali.
Sudyalarni tanlash va lavozimiga tayinlash maqsadida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi ana shu talablar asosida faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari, Sudyalarning oliy malaka hay’ati, shuningdek, sudyalarning malaka hay’ati raislari, a’zolari va kotiblari ishtirok etgan tadbirda asosiy e’tibor 2017-yil 13-iyunda sud tizimi xodimlari bilan uchrashuvda Mirziyoyev qo‘ygan vazifalar ijrosiga qaratildi.
Sudyalik lavozimlarga nomzodlar eng malakali va mas’uliyatli mutaxassislar orasidan tanlab olinmoqda. Sudyani keyingi muddatga tayinlashda uning sud qarorlarini qonuniy va adolatli chiqarganligi, ishda qatnashgan tomonlarning vajlarini sinchiklab, xolis va beg‘araz o‘rganib to‘g‘ri xulosa berishi tahlil qilinmoqda. Sudya faoliyat olib borgan hududda yashayotgan aholining, xususan, sudga ishi tushgan odamlar, keng jamoatchilikning fikri hisobga olinmoqda.
Sud raislari o‘z faoliyati yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida axborot bermoqda. Ular tomonidan berilayotgan tavsifnoma Sudyalar oliy kengashi uchun sudya faoliyatiga baho berishda asosiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.