Matbuot va axborot agentligi sifatsiz OAVlarning asl basharasini ochib tashlamoqchi

Obuna bo‘lish
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bir qator nashrlarda axloqsizlik, ommaviy madaniyat, buzuqlik, xotinbozlikni targ‘ib qiluvchi materiallar berilayotganini qayd etgan

TOShKENT, 4-avgust — Sputnik. 2017-yilning o‘tgan yetti oyi davomida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalariga 100 dan ortiq, nashriyot va matbaa korxonalariga 70 ga yaqin ta’sir choralari qo‘llanilgan. Bu haqda Agentlik saytida e’lon qilingan maqolada ma’lum qilingan.

Agentlikning bildirishicha, teleradio dasturlari, matbuot sahifalarida asosan G‘arb san’atkorlarining qo‘shtirnoq ichidagi ishqiy hayotini muntazam yoritayotgan, ularda oilaviy qo‘nimsizlik, juftlarning bir-biriga xiyonati, nikohsiz turmush singari illatlarni oddiy hol sifatida tasvirlayotgan axborot vositalari yo‘q emas.

Zarubejnaya pressa - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligiga yangi bosh direktor tayinlandi

"O‘zining ko‘p sonli o‘quvchilariga ega bo‘lgan "Kelinchak", "Humo" jurnallari, "Otdoxnem!" gazetasida xorij san’atkorlari hayotiga doir yangiliklar muntazam berib borilgan va ularda urg‘u ko‘pxotinlik, ko‘perlik, fuqarolik nikohi kabi salbiy illatlarga qaratilgan. Jumladan, "Humo" jurnalida o‘quvchida an’anaviy oilaga xos turmush-tarziga nisbatan hurmatsizlik, befarqlik uyg‘otishi mumkin bo‘lgan "Jizel Bundxen jdet tretyego rebenka?", "Besprosvetniy tuman i ozarenie", "Irina Ponarovskaya – ledi Sovershenstvo", "Koroleva Gollivuda. Dva litsa Elizabet Teylor" kabi materiallar chop etilgan.

"Otdoxnem!" gazetasida "Nadya Ruchka: "Chem silnee chelovek, tem silnee yego slabosti" sarlavhali materialda qo‘shiqchi Nadejda Ruchkaning nikohsiz ishqiy munosabatlari yoritilgan: "Da ya nikogda ne stremilas k braku. Mne daje kazalos, chto eto turma, gde tebya posadat na sep i zastavat varit borsh", hamda "Ben Efflek: Ya vsegda bil legkoy dobichey dlya ostrakov" sarlavhali materialda aktor Ben Efflek oilali bo‘la turib ishqiy aloqada bo‘lgani "Kogda Djennifer Garner podala na razvod, nikto ne somnevalsya, chto nazad puti net — ved Ben Efflek zakrutil intrijku s nyaney sobstvennix detey, da yeshe chut li ne v ix prisutstvii…" deya, ochiq namoyon qilinadi.

"Siyenna Miller: Tajelo bit odinokoy mamoy, no ya schastliva", "Emma Stoun: V nagradu ya poluchila unikalnuyu stoykost i zapas jiznennix sil", "Milla Yovovich: Dom i materinstvo – moi glavnie radosti teper" sarlavhali materiallarda g‘arblik mashhur san’at namoyandalarining shaxsiy hayotiga doir, yoshlarni yo‘ldan ozdiradigan jihatlar badiiy bo‘yoqdorlik bilan yoritilgan. "Neudachnoe svidanie" materialida esa pul uchun tanani sotishdek tubanlik ijobiy fazilat deya bayon etiladi.

Bu kabi materiallar jamiyatimiz an’analarini yemirishi, oila atalmish muqaddas qadriyatga putur yetkazishi, barqaror ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, bir so‘z bilan aytganda, "ommaviy madaniyat" niqobidagi qora kuchlarning tegirmoniga suv quyayotganini nahot tahririyatdagi mas’ul xodimlar, muharrirlar tushunib yetmasa?!", deyiladi agentlik saytida.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyev: adabiyot va san’at, OAVlarning biznesga aylanishiga yo‘l qo‘ymaymiz

"Kelinchak" jurnalida "Yigit iztirobi" sarlavhali qissa e’lon qilingan bo‘lib, unda talaba yigit va qizning o‘zaro nikohsiz hayot kechirishi, behayo sahnalar, ommaviy madaniyat va yevropacha turmush tarzini targ‘ib qiluvchi lavhalar mavjud.

Shuningdek, jurnalda "Biz bilgan va bilmagan Pushkin" sarlavhali material chop etilgan. Unda rus shoiri A.S.Pushkin va uning ayollarga nisbatan munosabati tasvirlanib, ayrim buzuqlik, xotinbozlik, nikohsiz turmush va xiyonatni targ‘ib qiluvchi sahnalar tahrirsiz e’lon qilingan. Jumladan: "…Shoirning aksariyat sarguzashtlari o‘tkinchi edi. Ammo o‘rtaga muhabbat aralashsa bormi, shoir uchun ma’shuqasiga jisman erishishi shart bo‘lar edi… Pushkin kutilmaganda jo‘sh uradigan hissiyotlarini tabiati yengil ayollar bilan qondirishga ham o‘rgangandi…

…Bu beva xonim Pushkinni o‘qishdan haydalishidan asrab qolgan direktorga qarindosh bo‘lardi. Ular deyarli har kecha yashirincha birga bo‘lishar va bu lazzat onlari o‘spiringagina emas, tul xotinga ham yoqib tushardiki, u buning har kecha takrorlanishini istardi".

Agentlik jurnalning qiz-juvonlar auditoriyasiga mo‘ljallangani, yosh kelinlar uchun turli foydali tavsiya va maslahatlar, oilani mustahkamlash, nikoh, er-xotin sadoqatining muqaddasligi, milliy, umuminsoniy ezgu qadriyatlarni targ‘ib qilish o‘rniga tiyiqsiz ishqiy hayot, jazmanbozlik, to‘shak sahnalari bilan bog‘liq yengil-yelpi turmush tarzining izchil chop etilishi yoshlar odob-axloqi, ijtimoiy dunyoqarashiga salbiy ta’sir qilishi shubhasiz ekanligini bildirgan.

Agentlikning yozishicha, "Oltin asr" jurnali mualliflik huquqi meyorlariga rioya qilmaslik, til qoidalarini qo‘pol ravishda buzish bo‘yicha "rekordchi" nashrlardan biridir. Xususan, nashrning 1-sonida o‘ndan ortiq material O‘zbekiston milliy axborot agentligidan ko‘chirilganu asl manbasi ko‘rsatilmagan. O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, prezident qaror, farmonlari nomi va normalarini buzib ko‘rsatish holatlari bo‘yicha ham "yetakchi" bo‘lgan bu nashr sahifalarida sanoqsiz imloviy va uslubiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan.

Bundan tashqari, jurnalda sondan-songa maqolalar sarlavhasi takrorlangan. Jurnal respublika miqyosidagi nashr hisoblanadi. Ammo unda chop etilayotgan bir qator maqolalarda material qaysi tuman yoki viloyatga mansubligi qayd etilmagan, mahalla yoki maktab nomi ko‘rsatilgan xolos.

Jurnaldagi aksar maqolalarda meyoridan ziyod xushomad, madhu maqtovlar bayon etilgan, minnatdorliklar bildirilgan. Har bir sonida qariyb 10 dan ziyod maqolada qahramonlar nomidan "hojilik martabasiga ega bo‘ldim" deya o‘zini o‘zi maqtashga e’tibor qaratilgan.

Jurnalist - Sputnik O‘zbekiston
OAV: O‘zbekistonda jurnalistika sohasi islohga muhtoj

"Bunday holatlarni respublika teleradiokanallari faoliyatida ham kuzatish mumkin. Xususan, Surxondaryo viloyatidagi "Denov-ATR", Buxoro viloyatidagi "G‘ijduvon-TV", Jizzax viloyatidagi "Jizzax TV2" telekanallari, Andijon viloyatidagi "Diydor FM" radiokanali, "Taraqqiyot" telekanali faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi "Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonuni, "Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonuni 6-moddasi, "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi Qonuni 5-moddasi doimiy qo‘pol ravishda buzib kelinayotgani mazkur ommaviy axborot vositalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, degan xulosani uyg‘otadi.

Nomlari keltirilgan tele va radiokanallar faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi Qonunining so‘nggi yillar davomida qayta-qayta qo‘pol ravishda buzib kelinishi, Agentlik tomonidan yuborilayotgan ogohlantirishlar, taqdimnomalar kor qilmasligi, yoshlarga raqsbop tarona-yu, ko‘ngilochar filmlarni qo‘yib eshittirish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish niqobi ostida madaniyatsizlikni targ‘ib qilish, shahvoniy tuyg‘ularga erk berish kabi holatlarga tomoshabin bo‘lib qarab turib bo‘lmaydi, albatta", deya ta’kidlanadi agentlik tomonidan.

Agentlikning ma’lum qilishicha, "obunachisiga pulini olib sifatsiz "mahsulot" berayotgan bunday gazeta-jurnallar, nashriyotlarning asl basharasini ochib tashlab, xalq hukmiga havola qilib" boriladi.

Yangiliklar lentasi
0