TOShKENT, 5-may — Sputnik. Samarqand shahrida mehnat migrantlarini Rossiya Federatsiyasiga tashkiliy tanlab olish va jalb etish bo‘yicha markaz ochiladi. Bu haqda O‘zbekiston Mehnat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston mehnat vaziri A.Abduhakimov va Sankt-Peterburgdagi "Mehnat resurslari markazi" davlat avtonom muassasasi direktori A.Chistakov hamda uning maslahatchisi V.Shinkarenkolar o‘rtasidagi uchrashuvda ana shu xususda so‘z bordi.
Uchrashuvda tomonlar Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan hamkorlikda Rossiya Federatsiyasiga mehnat migrantlarini tashkiliy tanlab olish, tayyorlash va jo‘natish markazini ochish masalasini muhokama qilishdi.
O‘zbekiston mehnat vaziri A. Abduhakimov ushbu markazda Rossiyada ishlashni xohlovchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi, u Sankt-Peterburgdagi barcha ish beruvchilarning buyurtmalari kelib tushadigan joyga aylanishi lozimligini qayd etdi.
Mehnat migranti bu yerda o‘qiydi, imtihon topshiradi, tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va barcha hujjatlarni taxt qilib ish joyiga otlanadi.
Shuningdek, mazkur markazda migrantlarni Rossiyaga jo‘nab ketishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazuvchi filiallar ochish bo‘yicha Rossiya tibbiyot muassasalari bilan muzokaralar o‘tkazish taklif qilindi.
Xususan, O‘zbekiston fuqarolariga patent olish jarayonini soddalashtirish, ularni sanitariya-gigiyena talablariga mos yashash joyi bilan ta’minlash, xavfsiz va mehnat muhofazasi ta’minlangan ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha fikr almashildi.
Vazir sug‘urta, imtihon, tibbiy ko‘rik va patent uchun to‘lov ushbu markazning o‘zida erkin konvertatsiyalangan valyuta (AQSh dollari)da to‘lanishi, O‘zbekiston banki orqali online rejimda tegishli manzilga o‘tkazib berilishi mumkinligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va Sankt-Peterburgdagi "Mehnat resurslari markazi" davlat avtonom muassasasi o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini Sankt-Peterburgda vaqtinchalik ishlashlari uchun tashkiliy jalb etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Tomonlar tez orada O‘zbekiston mehnat vazirligi va Sankt-Peterburg hokimiyati Samarqandda "Mehnat resurslari markazi"ning vakolatxonasini ochish bo‘yicha memorandum imzolashga kelishib oldilar.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.