TOShKENT, 28 apr — Sputnik, Mariya Sheludakova. 27-aprel kuni Kaliningradda "Islom jihodi — mujohidlar jamoati" xalqaro terrorchilik tashkiloti bo‘limi yetakchisi qo‘lga olindi. U anchadan buyon kishilarni terrorchilikka jalb etish bilan shug‘ullanayotganligi va O‘zbekistonda unga nisbatan ekstremizmda ayblanib jinoyat ishi ochilganligi ma’lum bo‘ldi.
MDH Antiterror markazi rahbari, politsiya general-polkovnigi Andrey Novikov yollovchi-terrorchilar texnologiyasi va ularning ehtimoliy qurbonlari haqida quyidagilarni gapirib berdi.
Bir yil ilgari ham odam yollashning eng keng tarqalgan usuli ijtimoiy tarmoqlar orqali mohirona targ‘ibot olib borish edi, lekin Hamdo‘stlik mamlakatlari tegishli idoralarining sa’y-harakatlari natijasida bu holat keyingi vaqtda sezilarli ravishda kamaydi.
"Xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlarning samarali faoliyati yollovchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini susaytirdi. Biroq ular jinoiy maqsadlaridan qaytganlari yo‘q. Ularning faolligi turli messenjerlar — birinchi navbatda WhatsApp, Viber va Skypega ko‘chdi. Bu holat ma’lum jinoiy ishlarni tergov qilish jarayonida o‘tkazilgan kompyuter ekspertizalari tahlil qilinganda seziladi ", — dedi Novikov.
U shuningdek, xavfsizlik va maxsus xizmat organlari yollash bilan shug‘ullanuvchi resurslar haqida o‘zaro axborot almashinuvni yo‘lga qo‘yishgani va ularni butun MDH makonida bartaraf qilish bo‘yicha umumiy yondashuvga erishishganini ta’kidladi.
IShIDga talabalar nega kerak
Ekspertlar yollanishga moyil uch toifa fuqarolarni ajratib ko‘rsatishadi: yoshlar, jiddiy iqtisodiy va ruhiy zo‘riqish ostidagi mehnat migrantlari va mahbuslar.
"Kriminologiyada "viktimlik" degan atama bor — bu qurbon bo‘lishga moyillik degani. Biz bu atamadan bizning nuqtayi nazarimizga ko‘ra o‘z maqomi, iqtisodiy, ijtimoiy yoki yosh mavqeyiga ko‘ra o‘zgalar tomonidan yollanish ehtimoli bo‘lgan aholi guruhlarini ifodalashda foydalanamiz", — tushuntirdi Novikov.
Talabalar yetarlicha hayotiy tajribaga ega bo‘lishmagani uchun viktimlar guruhiga kiritildi. Yoshlar qilayotgan ishining oqibati haqida xolis fikrlay olishmaydi: "Agar IShIDga qo‘shilsam nima bo‘ladi? Suriya yoki Iroqqa ketsam nima bo‘ladi? U yerdan qanday qaytaman? Agar ular dastlabki ikkita savolga javob bera olishsa ham, uchinchisiga javob topolmaydilar", — dedi u.
Bundan tashqari, "Islom davlati" (Rossiya va boshqa qator mamlakatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti) o‘z safining nafaqat jangchilar, balki IT-texnologiya, lingvistika, tibbiyot va boshqa sohalardagi mutaxassislar bilan to‘ldirilishidan manfaatdor. Ushbu soxta davlatga mutaxassislar zarurligi uchun ham talabalar xavf ostida bo‘lishadi.
Mehnat migrantlari: oltin tog‘lar haqidagi afsonalar
MDH huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlarini yollanish ehtimoli yuqori bo‘lgan yana bir fuqarolar guruhi qiziqtiradi. Gap mehnat migrantlari, birinchi navbatda Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar haqida bormoqda.
Rossiyaga migrantlar ongi zaharlangan holda kelishadi degan fikr tarqalgan. Aslida bu mutlaqo noto‘g‘ri, deb hisoblaydi Novikov. Mehnat migrantlarining katta qismi oilasiga yordam berish uchun Rossiyaga pul topgani kelgan va uyga qaytishga tayyor halol kishilardir.
"Mehnat migrantlarining ko‘pchiligi Rossiyada yollanadi. Bu haqda jinoyat ishlari materiallari guvohlik berib turibdi. Gap sanoqli miqdordagi migrantlar haqida bormoqda", — dedi Novikov.
Boshqa madaniyat, til muhitiga tushib qolgan mehnat migrantlari ulkan ruhiy zo‘riqish sharoiti ostida yashaydilar. Ularni machitlarda emas, qurilishlarda, bozorlarda, umumiy yotoqxonalarda jalb etishadi. Ba’zida ekstremistlar migrantning ekstremistik qarashlarga munosabati qandayligini ijtimoiy tarmoq orqali sinaganlaridan so‘ng u bilan uchrashishadi.
"Markaziy Osiyodagi qator davlatlarda iqtisodiy vaziyat murakkab, u yerdagilar haqiqatan ham pulga muhtoj. Ekstremistik fikrlar bildirgan migrantlarni aniqlagach, undaylar aslida ko‘p emas, yollovchilar ularga pul taklif qilishadi. Yollovchi janglarda qatnashish uchun oyiga minglab dollarlar berilishini va’da qilgach, ayrimlarga bu taklif jozibali ko‘rinadi", — tushuntirdi Novikov.
Ammo eng asosiysi yashiriladi — migrantga soxta pul berilishi, umuman pul berilmasligi, jangarilarning o‘rtacha hayot davomiyligi bir necha oydan oshmasligi haqida aytishmaydi. Yollangan kishi Suriyaga kelganida esa juda kech bo‘ladi: uyga qaytay desa jinoiy javobgarlikka tortiladi, urushda esa Suriya armiyasi yoki Rossiya HHK zarbasiga duch kelish xavfi har kuni ta’qib etadi.
Guruhlar qanday shakllanadi
IShID ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlarni jalb etishdan tashqari yana bir "loyiha"ni joriy qilgan — internetda terrorchilarning mustaqil guruhlarini tashkil qilish bo‘yicha yo‘riqnomalar joylashtirgan. Bular qo‘lbola portlash uskunalarini tayyorlash, qora bozordan qurol sotib olish bo‘yicha darsliklar, qo‘llanmalar, videomateriallardir.
"Yangi yollangan jangari bilan ikki xil usulda ish olib borilishi taxmin qilinadi: u yoki IShID lagerlarida tayyorgarlikdan o‘tadi yoki o‘zi mustaqil ravishda onlayn orqali tayyorlanadi va o‘zi yashayotgan joydagi kichik guruh tarkibida harakat qiladi", — dedi ekspert.
Yollovchilar uchun jannatiy sharoitlar
Ko‘plab davlatlar duch kelgan yana bir muammo bu ekstremistik turdagi jinoyati uchun qamalganlarning o‘g‘irlik, talonchilik, bosqinchilik, qotillik jinoyatlari uchun sudlanganlar bilan bir joyda saqlanishidir.
"Ikki toifadagi mahbuslar bir joyda saqlanganida yollovchilar tayyor "murid"larga ega bo‘lishadi. Ular uchun turma jannatning o‘zginasi bo‘ladi. Ekstremistik g‘oyalar umumiy xarakterdagi jinoyati uchun qamalganlar orasida xuddi vabodek tarqaladi", — dedi Andrey Novikov.
Markaziy Osiyo mamlakatlari bu muammo bilan Rossiyaga nisbatan ertaroq to‘qnash kelishgan, dedi ekspert. Jazoni ijro etish muassasalarida ekstremizmga jalb etishga qarshi kurashda Qirg‘iziston amaliy tajribaga ega.
Yollanishning oldini olish mumkin
Muammoni bartaraf etish yo‘li bor va rossiyalik mutaxassislar Markaziy osiyolik hamkorlarining ilg‘or tajribalarni amalga oshirishlarini diqqat bilan kuzatishmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarida, dedi Novikov, davlat xavfsizlik xizmatlari va diniy tuzilmalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida bevosita imomlar ham faoliyat olib borishadi.
"Dindor kishi uchun (terrorizm va ekstremizm esa Markaziy Osiyoda deyarli har doim din niqobi ostida harakat qiladi) u yoki bu vaziyatni muftiy, imom qanday baholashi muhim ahamiyatga ega. Musulmon rahbariyati holatlar yuzasidan ma’qullab yoki qoralab fatvo berishi, murojaat qilishi dindorlar uchun judayam muhim", — e’tirof etdi MDH ATM rahbari.
Ilgariroq Rossiya FXX rahbari Aleksandr Bortnikov brifingda chiqish qilib, diasporalar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratish va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan migrantlarni yanada ziyraklik bilan tekshirish lozimligini ta’kidlagandi.
Bizning Telegramdagi o‘zbekcha kanalimizga obuna bo‘ling va eng yangi xabarlarni birinchi bo‘lib o‘qing.