TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Quyosh fotoelektr stansiyasi 2018-yilda ishga tushishi mumkin, deb xabar qildi "Zarafshon" nashri.
Ana shunday loyihalardan biri Samarqand viloyatida 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasining qurilishidir.
"Quyosh fotoelektr stansiyasi quriladimi, yo‘qmi?", degan savolga aniqlik kiritish uchun nashr muxbiri Anvar Mustafaqulov Janubiy-g‘arbiy magistral elektr tarmoqlari quyosh fotoelektr stansiyasi bosh muhandisi Jamshid Xayrullayevga murojaat qilgan.
Jamshid Xayrullayev mazkur loyiha kattaligi jihatdan Markaziy Osiyoda yagona deb ta’kidlagan.
"Stansiyani barpo etish esa, avvalo, bir necha bosqichli tayyorgarlik ishlarini talab etadi. Bugungi kungacha ana shu tayyorgarlik ishlarining katta qismi nihoyasiga yetkazildi. Viloyat hokimining qarori bilan Past Darg‘om tumanidan 254 gektar va Nurobod tumanidan 150 gektar yer maydoni ajratilgach, tanlangan yer tozalanib, arxitektura rejalashtirish, topologik suratga olish va geologik tekshiruv ishlari amalga oshirildi.
Suhbatdosh shuningdek, loyihaning asosiy qismi, quyosh batareyalari o‘rnatish ishlariga qachondan kirishiladi va nihoyasiga yetkazilishi hamda moliyalashtirish ishlari qay tarzda bajarilishiga aniqlik kiritgan.
"Umuman, tayyorgarlik jarayonida 2014-yilning o‘zida 1 milliard 600 million so‘mlikdan ziyod, 2015-yilda esa 3 milliard 142 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. 2016-yil dekabr oyida fotoelektr stansiyani o‘rnatish bo‘yicha xalqaro tender o‘tkazildi. Unda Xitoyning «Zhuhai Singyes Green Building Technology» kompaniyasi g‘olib chiqib, ikki yil ichida quyosh elektr stansiyasi qurib bitkazish majburiyatini oldi".
Nashr xabariga ko‘ra, ayni vaqtda quyosh fotoelektr stansiyasi hududida artezian quduqlar va boshqa cuv manbalari qurilib, uskunalar bilan jihozlangan, qolaversa, bugungacha ushbu stansiyaning barcha tomonlarida mevali va manzarali daraxtzorlar barpo etilgan.