TOShKENT, 28 apr — Sputnik. Shveysariya Federal jinoyat sudida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga doir ish bo‘yicha sud jarayoni boshlandi.
Ish Tichino kantonidagi Bellinsona shahrida sirtdan ko‘rib chiqilmoqda. Karimovaning shveysariyalik advokati Greguar Manjaning RIA Novostiga ma’lum qilishicha, u sud majlisida shaxsan ishtirok etishni xohlagan, biroq O‘zbekistondan chiqish uchun ruxsat olmagan.
Shveysariya prokuraturasi Karimovani pul yuvish, korrupsiya, mablag‘larni maqsadsiz ishlatish va “Ofis” nomi bilan tanilgan jinoiy tuzilmaga rahbarlik qilishda ayblamoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, ishda Jenevadagi "Lombard Odier" xususiy banki va uning sobiq xodimi ham figurant sifatida tilga olingan. Karimova va bank ayblovlarni rad etgan.
Shveysariya tomoni versiyasiga ko‘ra, “Ofis” tuzilmasi orqali xalqaro telekommunikatsiya kompaniyalaridan O‘zbekiston bozoriga kirish uchun pora olingan va bu mablag‘larning bir qismi Shveysariyadagi hisobraqamlar orqali o‘tkazilgan. "Swissinfo" nashrining yozishicha, ishda 30 taga yaqin bank hisobraqami, ko‘chmas mulk, kompaniyalar va bank seyflari haqida so‘z boradi.
Advokat Greguar Manja Karimovaning Shveysariyadagi sud jarayonida qatnashish imkoniyati cheklanganini bildirgan. U, shuningdek, BMTning o‘zboshimchalik bilan hibsga olish bo‘yicha ishchi guruhi xulosasiga tayangan. Shu bilan birga, O‘zbekiston tomoni avvalroq Karimova ishi bo‘yicha sud qarorlari qonun va dalillar asosida chiqarilganini bildirgan edi.
Manjaning fikricha, Karimovani himoya qilish jarayoni uning O‘zbekistonda jazo muddatini o‘tayotgani hamda Shveysariya prokuraturasi uni davlat amaldori sifatida kvalifikatsiya qilishga urinayotgani sabab murakkablashmoqda. Advokatlar uning to‘liq oqlanishiga erishish niyatida ekanini bildirgan.
AP xabariga ko‘ra, sud jarayoni 22-maygacha davom etishi belgilangan. "Reuters" esa "Lombard Odier" bayonotiga tayanib, tinglovlar may oyi oxirigacha davom etishi, qaror keyingi oylarda chiqishi mumkinligini yozdi.
Gulnora Karimova O‘zbekistonda bir nechta jinoyat ishi bo‘yicha sudlangan. 2020-yilda uning qamoq jazosi 13-yil-u 4 oyga uzaytirilgan edi. U hozirda Toshkent viloyatidagi ayollar koloniyasida jazo muddatini o‘tamoqda.