Karimova ishi bo‘yicha sud qarorlari dalillarga asoslangan — O‘zbekistonning BMTga javobi

© Sputnik / Valeriy Levitin
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston Hukumati BMT Inson huquqlari kengashining 17/2025-sonli mulohazasiga javob e’lon qildi.
TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Gulnora Karimova ishi bo‘yicha sud qarorlari yetarli dalillar asosida chiqarilgan. Bu haqda O‘zbekiston Hukumatining BMT xulosasiga javoban e’lon qilgan rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Hukumati Ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan BMT Inson huquqlari kengashining O‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan “G. Karimovaning jinoiy javobgarlikka tortilishi yuzasidan qabul qilingan 17/2025-sonli mulohazasi”ga javob e’lon qildi.
Qayd edilishicha, Hukumat Ishchi guruhning fikri Manba tomonidan taqdim etilgan bir tomonlama subyektiv ma’lumotlar asosida shakllantirilgani, O‘zbekiston Hukumatining bu borada rasmiy javobi taqdim etilgani, ammo u rasmiy protsessual muddatlar tufayli e’tiborga olinmaganidan tashvish bildiradi.
Bunday yondashuv BMT organlari amal qilishi zarur bo‘lgan xolislik va beg‘arazlik prinsiplariga putur yetkazadi.
Bayonotga ko‘ra, O‘zbekiston o‘zaro hurmat, xalqaro huquq normalariga rioya qilish va ikki yoqlama standartlarga yo‘l qo‘ymaslik tamoyillariga asoslangan muloqot va xalqaro hamkorlik uchun hamisha ochiq.
“ G. Karimovaga nisbatan barcha jinoiy ishlar jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilik normalariga qat’iy rioya qilgan holda, shuningdek, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini, jumladan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini inobatga olgan holda qo‘zg‘atilgan hamda ko‘rib chiqilgan”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, himoyaga bo‘lgan huquq va odil sudlov huquqi jinoyat protsessining barcha bosqichlarida ta’minlangan. Karimova mustaqil ravishda tanlangan yoki belgilangan tartibda tayinlangan himoyachilarga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan.
Jinoyat ishiga oid materiallar bilan tanishish, qarorlar ustidan shikoyat qilish hamda himoyachi bilan muloqotning maxfiyligi tamoyiliga rioya qilingan.
“G. Karimova ishi bo‘yicha sud qarorlari vakolatli sudlar tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, jumladan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish, davlat mulkini g‘ayriqonuniy o‘zlashtirish, firibgarlik va davlatga juda katta miqdorda zarar yetkazgan boshqa jinoyatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi yetarli dalillar asosida chiqarilgan”, — deya qayd etilgan xabarda.
Xabarga ko‘ra, Karimovaning 2014-yilda go‘yoki o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani, uzoq muddat uy qamog‘ida saqlangani, "oshxonadagi sud" va boshqa shu kabi da’volar asossizdir.
“Barcha protsessual harakatlar va sud muhokamalari protsessual qonunchilik normalari va talablariga to‘liq muvofiq holda o‘tkazilgan. Hozirgi vaqtda mahkuma sud qarorlari ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega”, — deyiladi rasmiy bayonotda.
O‘zbekiston Hukumati mazkur ish bo‘yicha siyosiy sabablar mavjudligi to‘g‘risidagi da’volarni qat’iyan rad etadi.
Huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining barcha harakatlari faqat sudlanuvchining jinoiy harakatlarni sodir etishdagi aybini to‘liq tasdiqlovchi huquqiy va daliliy jihatlarga asoslangan bo‘lib, uning qonuniy iqtisodiy faoliyati va/yoki siyosiy mavqeyi yoki qarashlariga daxl qilmagan.
“Shu nuqtayi nazardan, 2022-yilda Shveysariya Konfederatsiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi Bitim doirasida G.Karimova ilgari jinoiy yo‘l bilan orttirgan va qaytarilgan moliyaviy mablag‘lardan O‘zbekiston Hukumatining islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun foydalanish maqsadida "Vision 2030" jamg‘armasi tashkil etilganini ta’kidlaymiz. Jamg‘arma boshqaruvi BMTning Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshirilmoqda”, — deya aniqlik kiritilgan bayonotda.
Aytilishicha, O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini vijdonan bajarib kelmoqda va BMT mexanizmlari, jumladan maxsus tartib-taomillari bilan konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqlaydi.
Hukumat xalqaro tuzilmalarda o‘z obro‘sini himoya qilish, shuningdek, ishonchli axborotni manfaatdor tomonlarning keng doirasiga tushuntirish bo‘yicha keyingi qadamlarni qo‘yish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
