TOShKENT, 15 okt – Sputnik. Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) hamda Fransiyaning “Groupe Huit” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida Toshkent tumani uchun yangi master reja tayyorlash masalasini muhokama qilishdi.
Tadbirda OTBning shaharsozlik bo‘yicha bosh mutaxassisi Massimo Petrone va “Groupe Huit” kompaniyasining bosh shaharsoz mutaxassisi Joss Giyom ishtirok etdi.
Suhbatda hududlar uchun master rejalar ishlab chiqish va amalga oshirish, jumladan, Toshkent tumani bo‘yicha yangi master reja tayyorlash, uni poytaxt bilan tezkor transport orqali bog‘lash, shuningdek, Jizzax yaqinida “Water Park” qurish loyihasi borasida fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar pilot hudud sifatida Toshkent tumanida master reja ishlab chiqishni boshlash hamda OTB mablag‘lari hisobidan infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlashga kelishib oldilar.
Ma’lumot uchun: OTBning texnik ko‘magi doirasida “Groupe Huit” kompaniyasi vazirlikka hududlar bo‘yicha master rejalarni ishlab chiqishda amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Kompaniya xalqaro tajribadan kelib chiqib, qonunchilikni takomillashtirish va mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish bo‘yicha ham ishlar olib boradi.