Jizzax viloyatidagi bog‘chalarda bolalar ovqatdan ommaviy zaharlandi

Forish tumanidagi to‘rtta maktabgacha ta’lim muassasasining 37 nafar tarbiyalanuvchisi oziq-ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga murojaat qildi.
Sputnik
TOShKENT, 10 okt – Sputnik. Jizzax viloyati Forish tumanidagi to‘rtta davlat bog‘chasida 40 nafarga yaqin bola ovqatdan zaharlangani aniqlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 9-oktabr kuni soat 9:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqtda Forish tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli to‘rtta muassasaning 37 nafar tarbiyalanuvchisi isitma, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i, ich ketishi va holsizlik kabi shikoyatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, epidemiologik surishtiruv davomida bolalar 8-oktabr kuni biokefir, sir va sariyog‘ mahsulotlarini iste’mol qilgani aniqlangan.

Ularga anamnez va dastlabki tekshiruvlar asosida “o‘tkir diareya” tashxisi qo‘yilib, statsionar sharoitida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Jizzax viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va ishlov berishda sanitariya qoidalari buzilgani sababli, oshqozon-ichak tizimida buzilish holatlari kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.
Holat yuzasidan tuman prokuraturasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atgan.
Eslatib o‘tamiz, 24-sentabr kuni Toshkent viloyatining qator tumanlaridagi bog‘chalarda ham jami 1922 nafar bola ovqatdan zaharlangandi.
Ommaviy zaharlangan bolalarning deyarli hammasi sog‘aydi — Sanepidqo‘m