TOShKENT, 4 okt – Sputnik. Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 7-mavze 59-uyda gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Hodisa 3-oktabr kuni soat 22:13 da yetti qavatli uyning 36-kvartirasida ro‘y bergan.
Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun FVVning 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji darhol voqea joyiga yetib borgan.
“Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda, uy aholisi jabrlanmagan. Qurbonlar yo‘q”, — deyiladi xabarda.
Hodisa oqibatida bir nechta kvartiralarga qisman zarar yetgan, deraza va eshiklar shikastlangan. 17 nafar uyi shikastlangan fuqarolar vaqtinchalik mehmonxonaga joylashtirilgan.
Ayni vaqtda hamkorlikdagi xizmatlarning mutaxassislari ushbu favqulodda vaziyatning sabablarini o‘rganmoqdalar.