TOShKENT, 6 avg — Sputnik. Markaziy Osiyo mamlakatlari prezidentlari Turkmanistonga tashriflari davomida Kaspiy dengizi bo‘ylab yaxtada sayohatga chiqdilar, deb xabar bermoqda "Turkmaniston Oltin asr" davlat sayti.
Xabarda aytilishicha, davlat yetakchilarini yaxtada sayr qilishga respublika rahbari Gurbanguli Berdimuhammedov taklif etgan.
Dengizdagi sayohatdan fotosuratlar Qozog‘iston prezidenti matbuot-kotibi Berik Uali tomonidan e’lon qilingan.
Qosim-Jomart Tokayevdan tashqari suratda Berdimuhammedovning o‘zi, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari - Sadir Japarov, Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonlarni ko‘rish mumkin.
Prezidenti stran Sentralnoy Azii progulyalis na yaxte po Kaspiyskomu moryu v xode vizita v Turkmenistan
© Press-slujba prezidenta Kazaxstana
Sayohat davomida ular ilgariroq erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha fikr almashib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilganlar.
So‘ngra davlat rahbarlari avtobusda "Avaza" - ko‘pfunksiyali sport majmuasiga yo‘l olishgan. Yo‘l-yo‘lakay milliy sayyohlik zonasining tabiiy o‘ziga xosliklari va zamonaviy obyektlarni tomosha qilib borganlar.
Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari Turkmaniston yetakchisi tomonidan odamlar salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom va faol turmush tarzini rag‘batlantirish, jismoniy tarbiya va sport harakatini rivojlantirish, zamonaviy ixtisoslashtirilgan infratuzilmani shakllantirishga qaratilgan strategiyaga yuqori baho berganlar.
Bugun Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Ular savdo-iqtisodiy, energetika, transport-kommunikatsiya sohalaridagi mintaqaviy hamkorlik masalalarni, shuningdek, koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish choralarini muhokama qiladilar.