TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi bosh vaziri Imron Xon muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar. Unda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev i Imran Xan rassmotreli voprosi razvitiya sotrudnichestva
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Davlat rahbari O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va ko‘p qirrali amaliy hamkorlik mustahkamlanib borayotgani, har ikkala mamlakatning taraqqiyot erishish yo‘lidagi islohotlari ham bir-biriga hamohang va o‘xshash ekanini ta’kidladi.
“Dunyoda yuksak nufuzga ega Pokiston O‘zbekiston uchun salohiyatli va istiqbolli hamkordir. Siz bilan biz “Naya Pakiston” va Yangi O‘zbekistonni qurayapmiz. Ijtimoiy yo‘naltirilgan islohotlarimizning mazmuni va ruhi bir-biriga o‘xshash va uyg‘undir. Sizning ushbu tashrifingiz ko‘pqirrali munosabatlarimiz tarixida yangi davrni boshlab beradi,” – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish va rivojlantirishda intilishlari qat’iy ekani va bu borada aniq choralarni ko‘rishga tayyorligini qayd etdilar.
Keyingi davrda o‘tgan uchrashuvlar hamda onlayn-sammitdan so‘ng o‘zaro munosabatlarda katta siljishga erishildi. Ko‘p qirrali muloqotlar va madaniy almashinuvlar faollashdi.
Kecha Hukumatlararo ko‘shma komissiya yig‘ilishi o‘tkazildi. Bugun esa poytaxtda birinchi marta O‘zbekiston va Pokiston ishbilarmonlari biznes-forumi o‘tkazilyapti.
Shavkat Mirziyoyev i Imran Xan rassmotreli voprosi razvitiya sotrudnichestva
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
So‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasida savdo hajmi to‘rt barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni deyarli yuzdan ortiqqa ko‘paydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda pokistonlik investorlar tomonidan tashkil etilgan 163 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Pokiston Janubiy Osiyo va jahonning yirik bozorlariga chiqishda O‘zbekiston uchun muhim ko‘prik vazifasini o‘taydi. “Termiz - Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lining qurilishi nafaqat savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, balki mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatlar savdo-iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan katta salohiyatga ega ekani, o‘zaro savdo hajmini 4-5 barobar ko‘paytirish uchun sharoit borligini ta’kidladi.
Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va qurilish, farmatsevtika va kimyo, yengil sanoat va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiyalarni tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi. Ushbu sohalardagi loyihalar yaqin hamkorlikda amalga oshirilsa, O‘zbekiston va Pokiston iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.
Muzokarada bunday loyihalarni har tomonlama rag‘batlantirish va tez fursatlarda amalga oshirish uchun barcha zarur yordam va imtiyozlarni berishga kelishib olindi.
8 Iyun 2021, 15:23
16 iyundan Toshkent va Lahor o‘rtasida aviaqatnov tiklandi. Yangi havo yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish yuk tashishlarning kengayishi va o‘zaro turizmning rivojlanishiga ham xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Pokiston Afg‘onistondagi salbiy vaziyatning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni ishga solishga, afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini qayta tiklashda ko‘maklashishga tayyorligi qayd etildi.
Xavfsizlik sohasida qo‘shma guruh tuzish, uning ilk majlisini Toshkentda o‘tkazish taklifi bildirildi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, mushtarak ma’naviy merosni birgalikda o‘rganish, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekistonda Pokiston tarixi, madaniyati va san’atiga, xususan, urdu tilini o‘rganishga qiziqish tobora ortib bormoqda. O‘z navbatida, Pokistonda ham o‘zbek tili va adabiyoti, mamlakat tarixini o‘rganish va tadqiq etishga qaratilgan loyihalarga katta e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Panjob universiteti qoshida “Bobur merosi markazi”, Peshovar universitetida o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganish bo‘yicha “Alisher Navoiy markazi” ochilgan.
O‘z navbatida, O‘zbekistonda ham Pokistonning boy tarixi va madaniyatiga qiziqish tobora o‘sib bormoqda. Jumladan, Sharqning buyuk shoiri, urdu adabiy tiliga asos solgan ulug‘ mutafakkir Mirzo G‘olibning hayoti va ijodi chuqur o‘rganilmoqda.
Respublikada Lahordagi betakror Shoh qal’a me’moriy majmuasini, go‘zal Shalimar bog‘larini ziyorat qilishni istaydigan odamlar ko‘plab topiladi.
Bugungi kunda Pokistonda 10 millionga yaqin naqshbandiya tariqati vakillari, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Boburning ko‘plab muxlislari bor. Ularning Buxoroi sharif, Samarqand va Andijondagi tabarruk qadamjolarga ziyorat safarini amalga oshirishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyorlik bildirildi.
Ikki mamlakat kinoijodkorlari hamkorligida Bobur haqida film suratga olishga kelishildi. So‘nggi uch yilda pokistonlik yoshlarning O‘zbekiston tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishga bo‘lgan qiziqishi ham ortib bormoqda. Ayni paytda mamlakatda 750 dan ortiq pokistonlik yoshlar mazkur yo‘nalishda ta’lim olmoqda.
Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi bunday munosabatlar xalqlarning bir-biriga bo‘lgan samimiy intilishi, o‘zaro hurmat va e’tibori ifodasi ekani alohida qayd etildi.