TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Bugun, 12-yanvar kuni ommaviy axborot vositalari bilan o‘tkaziladigan brifingda identifikatsiya ID-kartasini rasmiylashtirish va berish tartibi tushuntirildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
2021 yil 1-yanvardan boshlab amaldagi biometrik pasport o‘rniga identifikatsiya ID-kartasini joriy etildi. Identifikatsiya ID-kartasini joriy etishda bir qator xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi o‘rganib chiqildi.
Identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish ikki bosqichda amalga oshirilishi belgilangan. Jumladan, 1-bosqich 2021-yil 1-yanvardan 2022-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan davrni tashkil etadi.
Ushbu davrda identifikatsiya ID-kartalari 16 yoshga to‘lgan hamda qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa sabablar, ya’ni shaxsni tasdiqlovchi hujjatini yo‘qotgan, yaroqsiz holga kelgan, biografik ma’lumotlari o‘zgargan shaxslarga hamda ixtiyoriylik asosida shaxsni tasdiqlovchi hujjatini almashtirish istagini bildirib murojaat qilgan shaxslarga rasmiylashtirib beriladi.
2-bosqich 2023-yil 1-yanvardan 2029-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bunda identifikatsiya ID-kartalari shaxsni tasdiqlovchi hujjatining amal qilish muddati tugaganligi yuzasidan murojaat qilgan shaxslarga rasmiylashtirib berish nazarda tutilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yilgi namunadagi biometrik pasporti 2030-yil 1-yanvardan haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Bundan tashqari, identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirib berishda, belgilangan hujjatlar qabul qilib olinganidan so‘ng 1 ish kuni mobaynida, o‘zgalar yordamiga muhtoj qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslardan identifikatsiya ID-kartasini rasmiylashtirish uchun murojaat kelib tushganida mas’ul xodim tomonidan 15 kun muddatda ushbu shaxslarning yashash manziliga borgan holda identifikatsiya ID-kartasi rasmiylashtirish va ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirmaslik tartibi belgilangan.
Shuningdek, identifikatsiya ID-kartasini olish uchun murojaat etilganda tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma haqidagi ma’lumotlar "Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining yagona elektron arxivi" axborot tizimi orqali olish tizimi ham joriy etilgan.
Yil boshidan shu kunga qadar mamlakat hududida 16 ming 471 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolar, 62 nafar doimiy yashovchi chet el fuqarolari hamda 21 nafar doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ID-karta bilan hujjatlashtirildi.