TOShKENT, 10 sen — Sputnik. Rossiya Ichki ishlar vazirligi yangi federal qonun konsepsiyasini tayyorladi va muhokama qilmoqda. Qonun Rossiya fuqaroligini olish va chet elliklarning ishga joylashishini soddalashtiradi. Bu haqda “Rossiya segodnya” XAAdagi matbuot anjumanida Rossiya IIV migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i Valentina Kazakova ma’lum qildi.
“Rossiya prezidenti topshiriqlarini inobatga olib... Ichki ishlar vazirligi ijroiya hukumati federal organlari bilan birgalikda bugungi kunda chet ellik fuqarolarning huquqiy maqomi to‘g‘risidagi mutlaqo yangi federal qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Biz u yerda juda ko‘p o‘zgarishlarni taklif qilmoqdamiz. Rossiya hududida bo‘lib turish rejimi o‘zgaradi, hujjatlarni rasmiylashtirish soddalashtiriladi”, - dedi Kazakova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik yangi qonunda migratsiya rejimlari bo‘limini alohida belgilashni rejalashtirmoqda.
“Agar chet ellik fuqaro ishlash maqsadida kelayotgan bo‘lsa, u oson, sifatli barcha hujjatlarini rasmiylashtira oladi. Buning uchun turli elektron reyestrlar joriy etiladi. Ish beruvchilar reyestri, xorijlik ishchilar reyestri. Hatto hujjatlar elektron tarzda beriladi”, - deya aniqlik kiritdi Kazakova.
Bundan tashqari, Rossiyada chet elliklarning ish joylashish aksariyat tartib-qoidalari soddalashadi, chunki hozir chet el fuqarolarini ishga jalb qilish uchun 30 dan ziyod variantlar mavjud.
Rossiyada migratsiya sohasini katta islohot kutmoqda – asosiy takliflar
Shuningdek, vaqtincha yashash guvohnomasini (RVP) berish bosqichidan voz kechish taklif qilinmoqda. Chet elliklar birdaniga Rossiyada yashash guvohnomasini (VNJ) olib, keyin Rossiya fuqaroligini qabul qilishlari mumkin bo‘ladi.
Kazakova mazkur qonun loyihasi Rossiya Jamoatchilik palatasida 9-sentabr kuni “ilk o‘qishdan” o‘tganiga oydinlik kiritdi. Hozir Rossiya IIV ishlab chiqilgan konsepsiyaga oid e’tiroz va takliflarni kutmoqda. Federal loyihaning o‘zi 2021-yilda paydo bo‘lishi mumkin.