TOShKENT, 12 yanv - Sputnik, Dilshoda Rahmatova. O‘zbekiston IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshodbek Murodbekov O‘zbekistondan chet davlatga vaqtinchalik yoki doimiy yashashga chiqib ketgan va O‘zbekiston pasportidan voz kechmagan holda chet davlat pasportini olgan fuqarolar borasida izoh berdi.
Murodbekov ushbu holatga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston fuqarolari ichida chet elga vaqtincha yoki doimiy yashashga ketganlar juda ko‘pligini ta’kidlab, ular orasida chet davlat fuqaroligini qabul qilganlar ham bor, deya qo‘shimcha qildi.
Aniqlik kiritilishicha, bunday fuqarolar nafaqat Rossiya Federatsiyasi, balki Qozog‘iston, Isroil, Germaniya singari davlatlarda ham ko‘p.
IIV vakili statistik ma’lumotlarni keltirmadi. Ammo O‘zbekistonda bitta fuqarolik tan olinishini qayd etdi.
"O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunga asosan chet elga chiqib ketgan O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga fuqarolikdan chiqmagan holda Rossiya pasporti bilan kirib kelsa yoki boshqa chet el pasporti bilan kirib kelsa u O‘zbekiston fuqarosi sifatida tan olinadi. Ya’ni ro‘yxatga olishda ham xorijga ketgan fuqaroning pasporti amal qilish muddati tugagan yoki yo‘qolgan bo‘lsa unga yangi O‘zbekiston fuqarosi pasporti, hozirgi kunda esa ID-karta rasmiylashtirib beriladi. Fuqaro xohishiga ko‘ra xorijga chiqish pasporti ham rasmiylashtiriladi", - deya tushuntirdi Murodbekov.
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarining aytishicha, bu yerda hech qanaqa qonunbuzarlik yoki bir salbiy holat yo‘q.
"Agar O‘zbekiston fuqaroligidan chiqqan bo‘lsa u vaqtincha ro‘yxatga olinib, kelgusida doimiy yashashga ruxsatnoma ham berilishi mumkin", - dedi u.