TOShKENT, 10 dek - Sputnik. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi tomonidan 10-dekabr kuni onlayn va offlayn shakllarda "Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari" mavzuyida turkum xalqaro tadbirlar tashkil etildi. Tadbirlarni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ochdi.
Bundan 72-yil muqaddam – 1948-yil 10-dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur muhim sana har yili butun dunyoda, shu jumladan O‘zbekistonda ham Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida nishonlanadi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach qo‘shilgan birinchi xalqaro huquqiy hujjatdir. O‘zbekiston Konstitutsiyasi normalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga to‘la mos keladi.
O‘zbekiston prezidenti ta’kidlaganidek, "Konstitutsiyamiz mohiyatiga chuqur singdirilgan demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat hamda insonparvarlik tamoyillarini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda tizimli va ortga qaytmaydigan demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda".
Xususan, sud-huquq tizimidagi chuqur islohotlar doirasida afv institutini qo‘llash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Joriy yilning o‘zida bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan va o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lgan 300 dan ortiq shaxs afv etilib, jazoni o‘tash joylaridan ozod qilingani, 200 nafar mahkumning jazo muddatlari qisqartirilgani shundan dalolatdir.
O‘z navbatida, Konstitutsiya kuni arafasida prezident Shavkat Mirziyoyev "Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Farmonga muvofiq, jazo o‘tayotgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan yana 104 nafar fuqaro afv etildi.
1991 yildan 2016-yil dekabrgacha 482 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, 2016-yil dekabrdan 2020-yilgacha bo‘lgan muddatda bunday shaxslar 15 ming nafarni tashkil etdi. Bundan tashqari, 1995-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekistonda yashab kelgan 50 ming nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston fuqarosi deb tan olindi.
Bunday muhim qadamlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig‘iga munosib javobdir.
Hozirgi pandemiya davrida 500 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarosi yurtimizga olib kelindi. Chet ellarda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin yurtdoshimizga turli yordamlar ko‘rsatildi.
Yolg‘on va’dalarga aldanib, mamlakatimizdan chiqib ketgan va qurolli mojarolar bo‘layotgan Yaqin Sharq mintaqasida og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazayotgan fuqarolarimiz, asosan ayollar va bolalarni mamlakatimizga qaytarib olib kelish bo‘yicha insonparvarlik tadbirlari davom ettirilmoqda. Kuni kecha, 8-dekabr tongida Suriyadan 98 nafar yurtdoshimiz – 25 nafar ayol va 73 nafar bola Toshkentga olib kelingani bu fikrni tasdiqlaydi.
Pandemiya davrida aholi sog‘lig‘ini saqlash, ishsiz qolgan fuqarolarga yordam berishga, tadbirkorlarga birinchi darajali e’tibor qaratilmoqda. Aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha davlat dasturi samarali amalga oshirilmoqda.
Faol gender siyosati doirasida xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy mavqeyini mustahkamlash bo‘yicha jadal ish olib borilmoqda. Shu bilan birga, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy yordamning yangi va samarali mexanizmlari joriy etilmoqda.
Ayni chog‘da, "Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi", degan g‘oya asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli ko‘rilmagan e’tibor qaratilmoqda.
Kuni kecha AQSh Davlat departamentining rasmiy saytida e’lon qilingan AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeoning bayonotida O‘zbekiston maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarilgani ma’lum qilindi.
Bayonotda bu qisqa muddat ichida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ko‘rilgan tezkor va maqsadli chora-tadbirlarning natijasi ekani qayd etilgan. Shuningdek, maxsus ro‘yxatdan chiqishda O‘zbekiston tajribasi boshqa davlatlarga namuna bo‘lib xizmat qilishi ham ta’kidlangan.
2020 yil oktabr oyida milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi. Bu ham, shubhasiz, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda olib borilayotgan ochiq va faol tashqi siyosatning yana bir ulkan yutug‘idi.
Shunday qilib, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, "Yangi O‘zbekiston" degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.
Markazning "Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari" mavzuyida tashkil etgan tadbirlari doirasida "Inson huquqlari himoyasi uchun" ko‘krak nishoni sohiblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.