TOShKENT, 12 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev inson huquqlari bo‘yicha Samarqandda o‘tkazilayotgan yoshlar forumi ishtirokchilariga tabrik yo‘llab, o‘z murojaatida ushbu forum global miqyosdagi birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlarini, tinchlik va taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida navqiron avlod tomonidan qo‘yilgan muhim amaliy qadam va qimmatli hissa bo‘ladi, deb umid bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 12-13 avgust kunlari yoshlar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan Samarqand veb-forumida nufuzli xalqaro ekspertlarning ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Jumladan forumda Yoshlar ishlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining vakili, Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining ijrochi direktori, Parlamentlararo ittifoq yoshlar parlamenti Forumi prezidenti, Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Yevropa Kengashining Yoshlar masalalari bo‘yicha Maslahat kengashi, Yevropada Xavsizlik va Hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha burosi, Yoshlar huquqlari bo‘yicha Iber-Amerika konvensiyasi ekspertlar komissiyasi vakillari va boshqa ekspertlar veb-forumda ma’ruzalarini taqdim qilishadi.
"Ma’lumki, kelajakka intilib yashaydigan yosh avlod sayyoramizda farovon hayot va yuksak taraqqiyot barqaror bo‘lishi uchun yangi g‘oyalar va ijodiy ruhdagi sa’y-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuchdir. BMTning Yoshlar strategiyasida ta’kidlanganidek, "yoshlar siymosida eng qimmatli va o‘ta muhim resurslar mujassam topgan bo‘lib, unga har qancha investitsiya kiritsa arziydi, chunki bu sarmoyalar bir necha barobar ziyoda bo‘lib qaytadi". Men g‘oyat muhim ushbu fikrga to‘liq qo‘shilaman", - degan o‘z nutqida O‘zbekiston prezidenti.
Bugungi kunda insoniyat duch kelayotgan ko‘plab muammolar – tinchlik va xavfsizlikka tahdidlar, terrorizm va ekstremizm, irqchilik, iqlim o‘zgarishlari, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi – o‘zaro kelishilgan global hamkorlikni va mavjud muammolarni hal etish jarayonlariga yoshlarni faol jalb qilishni talab etmoqda.
Shu munosabat bilan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning qabul qilinishi jahondagi ikki milliarddan ortiq yigit va qizlarning haq-huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga egadir.
U yosh avlodni ma’rifiy ruhda tarbiyalash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini himoya qilish, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
"Bugungi Forum ishtirokchilari ham ana shu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydilar, hujjat loyihasini o‘z amaliy takliflari bilan boyitadilar, deb ishonaman. Bugun o‘z ishini boshlayotgan Samarqand yoshlar forumi global miqyosdagi birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlarini, tinchlik va taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida navqiron avlod tomonidan qo‘yilgan muhim amaliy qadam va qimmatli hissa bo‘ladi, deb umid qilaman", - degan Mirziyoyev va barcha ishtirokchilariga faoliyatlari samarali bo‘lishini tilagan.