TOShKENT, 10 noya - Sputnik. Bosh prokuratura tomonidan "O‘zbekkino" Milliy agentligi mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi "a" bandi va boshqa moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti mutaxassislari tomonidan "O‘zbekkino" Milliy agentligida o‘tkazilgan tekshiruv hujjatlari asos bo‘lgan.
Tergov jarayonida, "O‘zbekkino" Milliy agentligining faoliyatiga tegishli hujjatlar olinib, moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yuzasidan taftish tayinlangan.
Aniqlanishicha, 2018-yilning 22-iyunida "O‘zbekkino" Milliy agentligi hamda "Best organaizer" MChJ o‘rtasida "Menman, Jaloliddin" nomli film yaratish haqida dastlabki shartnoma tuzilib, shartnomaga muvofiq oldindan avans sifatida 533 mln. so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.
Lekin, ushbu filmni suratga olish ishlari "Mendirman, Jaloliddin" nomi bilan Turkiyadagi hamkorlar bilan olib borilganligi, uni ishlab chiqarish harajatlari budjetdan emas, balki boshqa homiylar tomonidan moliyalashtirilganligi sababli, "O‘zbekkino" Milliy agentligidan ajratilgan mablag‘lar filmni ishlab chiqarish uchun sarflanmagan va bugungi kunda budjetga qaytarilgan.
Shuni alohida qayd etish joizki, tergov harakatlari davomida 2020-yil 3-oktabr kuni taqdimot marosimi bo‘lib o‘tgan "Mendirman, Jaloliddin" filmiga tegishli hujjatlar olinmagan hamda ushbu filmni ishlab chiqargan shaxslarning jinoyat ishiga hech qanday aloqadorligi yo‘q, deb ta’kidlab o‘tgan Bosh prokuratura axborot xizmati.