"Toliblar tinchlikni emas, hokimiyatni istaydi": Afg‘onistonda xalq harakati kuch olmoqda

Afg‘onistonda hukumat va toliblar o‘rtasidagi tinchlik jarayonidan norizo bo‘lgan xalq harakati maydonga chiqmoqda va u AQShni mintaqadagi yangi urushning sababchisi, deya ayblamoqda
Sputnik

TOShKENT, 17 okt — Sputnik. Dunyo Qatardagi afg‘onlararo muzokaralarni bir oydan oshiq vaqtdan buyon kuzatib, natijani kutmoqda. Amerika qo‘shinlari Afg‘onistondagi bazalarini tark etmoqdalar, AQSh prezidenti Donald Tramp esa amerika askarlari va ofitserlari mamlakatni 2020-yilning oxiriga kelib, tark etishlari haqida bayonot qildi. Bu holat aholini, ayniqsa, toliblarga qarshi kuchlarni g‘oyatda tashvishga soldi va xalqni miting hamda piketlarga chiqishga majbur etdi.

Tramp Iroq va Afg‘onistondagi qo‘shinlarni qisqartirishga qaror qildi

Afg‘onistondagi vaziyat haqida Sputnik Tojikiston muxbiriga jurnalist va sobiq diplomat, xalq harakatlari yo‘lboshchilaridan biri - Faxim Kuxdomoniy so‘zlab berdi.

Xalq harakati vakili Afg‘onistondagi tinchlik muzokaralari borasida tashvishdaligini bildirdi.

"Doxada bo‘lib o‘tayotgan voqealarni kuzatib, toliblar tinchlikni emas, hokimiyatni xohlamoqda, degan xulosaga keldik. U yerda tinchlik haqida gapirilmoqda, ammo joylarda esa terror va jinoyat amalga oshirilmoqda, IShID* uyushmasiga birlashishmoqda. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu terroristik uyushma Gurband, Tagob, Qorabog‘, Shakardara singari uyezdlarda toliblar bilan birgalikda muvofiqlashgan holda harakat qilmoqda. Ushbu bo‘g‘in yetakchisi xarutiy klaniga mansub tojikzabon pushtunlardan bo‘lgan allaqanday doktor Shaxob al-Muhojirdir", - dedi Kuxdomoniy.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga tahdid paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz - Tolibon vakili

Afg‘onistonlikning fikricha, tinchlik haqidagi muzokaralar toliblarning taktik yurishiga aylangan.

"Ular chet el kuchlari mamlakatni tark etishini va terrorchilar hokimiyatni o‘z qo‘liga olishlari uchun muzokaralarni cho‘zishmoqda. Chet el qo‘shinlari AQSh boshchiligida Afg‘onistonga kirishganida, ularning missiyasi terrorizmga qarshi kurashdan iborat edi. Ular terrorchilarni yo‘q qilishlari lozim edi. Biz ularga inongan edik, ammo nega hozir ular maydondan qochib qolmoqda?", - deya savol bilan yuzlanadi xalq harakati yo‘lboshisi.

Kuxdomoniyning aytishicha, asirlikdan ozod etilgan toliblar barrikadalarga qaytib, oddiy odamlarni o‘ldirishda davom etishmoqda. Bundan tashqari, oddiy xalqni bezovta qilayotgan holatlardan yana biri - bu agar toliblar hokimiyat tepasiga kelsa, bu yana Afg‘oniston hududida istiqomat qiluvchi boshqa xalqlarning genotsidiga olib kelishi mumkin.

"Doxada ular zo‘ravonlik, kuch va qurol tilida gapirishadi va hokimiyatni egallash niyatida ekanliklarini hatto yashirmaydilar. Misol uchun, respublika o‘rniga o‘z "amirligini" qayta tiklash niyatida ular. U yerda tinchlik haqida gapira turib, Afg‘onistonda zo‘ravonlikni amalga oshirishmoqda. Aytgancha, toliblar delegatsiyasi orasida birorta ayol yo‘q, muzokaralar davomida esa ular hukumat vakili bo‘lgan ayollarni tamomila inkor etadilar", - dedi sobiq diplomat.

Afg‘onistonda 400 tolibni ozod qilish jarayoni boshlandi

Jurnalist fikricha, toliblar siyosiy partiya sifatida siyosat bilan shug‘ullanishlari, parlamentda o‘z deputatlariga ega bo‘lishlari va Afg‘onistonga qarshi urush olib boruvchi chet el maxsus xizmatlari armiyasi emas, balki siyosiy kuch ekanliklarini isbotlash uchun hokimiyat uchun siyosiy va madaniy yo‘l orqali kurashishlari lozim. 

AQShning esa Afg‘onistondagi tinchlik jarayonidagi roli esa juda jumboqli va hatto deyarli munofiqonadir, deya ta’kidlaydi Afg‘oniston yashovchisi.

"Bizni toliblarning hokimiyat tepasiga kelishlaridan darak beruvchi "tinchlik" kutmoqda. "Tolibon" hokimiyat tepasiga kelgach va ular boshqa terroristik uyushmalar bilan ittifoq tuzgach, ularni Xitoy, Markaziy Osiyo va Eronga yoyilishi bilan bog‘liq loyiha amalga oshirila boshlashi ehtimolga yaqin. Ular safida sanab o‘tilgan davlatlar jangarilari ham borligi hech kimga sir emas. AQSh Afg‘onistonni tark etayotgani bilan, ammo bu regionda ishongan-kuchlari orqali o‘z mavjudliklarini saqlab qoladi. Xullas, Afg‘oniston o‘tgan asrning 90-yillari singari ekstremistik va terroristik kuchlarning ulkan bazasiga aylanishi mumkin, ularning maqsadi esa - boshqa davlatlarga bostirib kirishdan iborat bo‘ladi", - dedi Kuxdomoniy.

Afg‘onistondagi vaziyatni hozircha tinch yo‘l bilan hal qilib bo‘lmaydi – Mixaylov

Sobiq diplomatning ta’kidlashicha, Afg‘onistonda haqiqiy tinchlikni o‘rnatish uchun xalqaro hamjamiyatni bu jarayonga jalb etish muhim.

"Ayni vaqtda biz siyosiy va madaniy kurash olib bormoqdamiz. Tashviqot ishlarini olib borapmiz, xalqqa nimalar ro‘y berayotganini tushuntirish uchun mitinglar, piketlar va ko‘zga ko‘ringan shaxslar ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazmoqdamiz. Bizning xalq, ayniqsa, yoshlar, terrorizmga qarshi ruhda va kurashga tayyor. Shu tariqa, "Tolibon" va "IShID"*ga qarshi kurashni o‘z oldiga maqsad qilib olgan yagona xalq harakati shakllanmoqda. Shu paytga qadar birorta mamlakat toliblarga qarshi kuchlarni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan emas. Biz terrorizmga qarshi bo‘lgan davlatlarni Afg‘oniston xalqini yolg‘izlikda qoldirmasliklarini so‘rab qolamiz", - deb xotima qildi Kuxdomoniy.

* Rossiya va Tojikistonda taqiqlangan terroristik tashkilotlar.