TOShKENT, 12 avg - Sputnik. Rossiya Federatsiyasidan charter reys orqali O‘zbekistonga qaytarilgan migrant o‘zini karantinga olingan joy - mehmonxonaning to‘rtinchi qavatidan tashlab, halok bo‘lgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot-xizmati xabar bermoqda.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, hodisa haqidagi xabar Ichki ishlar organlariga 10-avgust kuni kelib tushgan.
Ushbu holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv ishlarida aniqlanishicha, marhum Surxondaryo viloyati Denov tumanida doimiy ro‘yxatda turgan, oilali, muqaddam sudlanmagan, ruhiy asab kasalliklari va narkologik dispanserlar ro‘yxatida turmagan - 1989-yilda tug‘ilgan Olimjon Karayev ekanligi aytilmoqda.
Marhum Karayev RF Qozon Respublikasiga ishlash uchun oilasi bilan birga ketgan va 4-avgust kuni O‘zbekistonga charter reys orqali olib kelingan. Toshkent shahriga kelgach, karantinga olinib, "Sayohat" mehmonxonasiga joylashtirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, erkakning o‘z joniga qasd qilganini uning xonadoshi Qozon universiteti talabasi Ixtiyor Qurbonov aniqlagan.
Marxum Karayev bilan bir xonada yashagan talaba ham Denovdan bo‘lgani uchun ikkalasi yaxshi chiqishgan. Talabaning aytishicha, 9 avgust kuni marhum Karayev undan Rossiyada qolib ketgan oilasiga qo‘ng‘iroq qilish uchun mobil telefonini olib turgan. Umuman, marhum so‘nggi vaqtlarda xonaning balkon qismiga ko‘p marotaba kirib chiqgan.
Oilasi Rossiya Federatsiyasida qolib ketganidan stress holatiga tushgan.
10 avgust kuni soat taxminan 10:30 larda talaba xonada uxlab yotganida, xonaga harorat o‘lchash uchun mehmonxona xodimi kelgan. Haroratni o‘lchab bo‘lgach undan xonadoshi Karayevni ham chaqirishni so‘ragan. Karayev xonada yo‘qligi sababli, talaba balkonga chiqqan va shu vaqtda mehmonxona hovlisida marhum Karayevning jasadini ko‘rgan.
Holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.