O‘z farzandlariga baqirib mashhur bo‘lgan tarbiyachiga intizomiy chora qo‘llanildi

Iyul oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda mashg‘ulotni tasvirga olish jarayoni yakunlanay degan bir vaqtda farzandlari jarayonga halaqit berganidan so‘ng, bolakaylarni baland ovozda qo‘pol so‘zlar bilan koyigan tarbiyachi aks etgan videorolik tarqalgan edi
Sputnik

TOShKENT, 8 avg - Sputnik. Maktabgacha ta’lim vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va keng muhokamalarga sabab bo‘lgan bog‘cha tarbiyachisi o‘z farzandlarini urishayotgani aks etgan videorolik bo‘yicha rasmiy izoh berdi.

Bog‘chalar faoliyatini tiklashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda – vazirlik

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida ijtimoiy tarmoqlarda mashg‘ulotni tasvirga olish jarayoni yakunlanay degan bir vaqtda farzandlari jarayonga halaqit berganidan so‘ng, bolakaylarni baland ovozda qo‘pol so‘zlar bilan koyigan tarbiyachi aks etgan videorolik tarqalgan edi.

Yuqoridagi holat aks etgan rolik tayyorlangan videomashg‘ulot o‘rniga, yanglish ravishda MTT telegram guruhiga joylangan bo‘lib, tezda o‘chirib tashlangan bo‘lgan. Ammo shunga qaramay, rolik oradan 11 kun o‘tib ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.

Maktabgacha ta’lim vazirligi izohiga ko‘ra, rolikdagi ayol Namangan viloyati, Chortoq tumanidagi MTTlardan birida faoliyat yurituvchi tarbiyachi Hilola Nurmatova ekanligi aniqlangan. Nurmatova oliy ma’lumotli, maktabgacha ta’lim tizimida bir necha yildan beri ishlashi, o‘tgan davr mobaynida u tomonidan hech qanday nojo‘ya harakatlar amalga oshirilmagani qo‘shimcha qilingan.

Maktabgacha ta’limning yangi turi joriy etilmoqda

Ma’lum bo‘lishicha, karantin sharoitida Nurmatova masofadan o‘qitish usulini o‘zlashtirgan holda, bir necha oy mobaynida, haftasiga 4-5 martadan tarbiyalanuvchilar uchun videomashg‘ulotlar o‘tib kelgan.

Yoz mavsumi boshlanishi MTT larda sog‘lomlashtirish davri hisoblanib, tartibga ko‘ra bu vaqtda faol ta’lim jarayoni to‘xtatiladi. Ammo bir necha tashabbuskor tarbiyachilar, ular qatorida Nurmatova ham, tarbiyalanuvchilarning bo‘sh vaqti mazmunli va foydali o‘tishi uchun videomashg‘ulotlarni davom ettirishga qaror qilgan.

Holatni o‘rganish jarayonida o‘sha kuni Nurmatova videomashg‘ulotni bir necha marta yozib olishga uringani ma’lum bo‘ldi. Ammo ish bilan uy vazifalarini bir vaqtda bajarish majburiyati, jumladan bolalar harxashasi hissiy muvozanatdan chiqib ketishi, natijada nazoratni yo‘qotgan holda ovozini balandlatishiga sabab bo‘lgan.

Bu voqea Chortoq tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda Namangan viloyati Maktabgacha ta’lim Boshqarmasi tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilgan va ma’lum xulosalarga kelingan.

O‘zbekistonda 70% bolalar maktabgacha ta’lim olmaydi -  YuNISEF

Tarbiyachi Nurmatova kasbiy etika qoidalarini buzgani uchun unga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Karantin yakunlanib, MTT lar faoliyati tiklangach Chortoq tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan bu tarbiyachining pedagogik faoliyati monitoring qilib borilishi belgilangan. MTT rahbariga esa ogohlantirish berilgan.

Tuman MTBsiga o‘ziga tegishli hududda masofadan maktabgacha ta’lim xizmatini ko‘rsatish jaroni ustidan kuzatishni kuchaytirish, uning sifatini yaxshilash, maktabgacha ta’lim tizimi xodimlari uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi bolalarga nisbatan har qanday qo‘pol munosabatga qarshi ekanligini ma’lum qilgan holda, fuqarolardan koronavirus pandemiyasi natijasida o‘zi uchun yangi va noodatiy bo‘lgan - masofadan ta’lim jarayonini olib borayotgan pedagoglar sharoiti va holatini tushunishga harakat qilishni so‘rab qolgan.