TOShKENT, 6 avg - Sputnik. Farg‘ona viloyatida besh nafar farzandiga aliment to‘lashni istamagan erkak oilasidan yashirinishni afzal ko‘rdi. Qidiruvdagi "noshud ota" shu kunlarda qo‘lga tushdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro burosi axborot-xizmati rahbari.
Ta’kidlanishicha, 2016-yildan buyon aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan ota - T.G‘aniyev - Farg‘ona viloyatidan bo‘lgan. 2019 yil oktabr oyidan boshlab davlat ijrochisi uni yashash manzilidan topa olmay qolgan. Mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shnilari ham u haqda ma’lumot bera olmagan.
Shundan so‘ng, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Qariyb bir yil mobaynida daragi bo‘lmagan ashaddiy alimentchi joriy yil iyul oyi oxirida O‘zbekiston tumanidagi bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklarida yollanma ishchi sifatida ishlab yurgan joyida Buroning O‘zbekiston tuman bo‘limi qidiruv guruhi va tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan ushlangan.
Ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilayotgan vaqtda erkak alimentdan qarzi - 11 mln 879 ming so‘m pullarni tanishlari orqali bo‘limga olib keltirib, 5 nafar farzandlarini yolg‘iz katta qilayotgan undiruvchi O.G‘aniyevaga naqd sanab topshirgan.
Shuningdek, o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari natijasida u kelgusida aliment to‘lovlarini oyma-oy to‘lab borishi, yashirinmasligi va yashash joyidan ketib qolmasligi haqida va’da bergan.
MIB axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil 1-iyul kuni holatiga ko‘ra, idoraga kelib tushgan 992 mingdan ziyod ijro hujjatlarining 245 mingdan ortig‘ini (24 foizini) aliment to‘lovlariga oid hujjatlar tashkil qiladi. 2019-yilda bu ko‘rsatkich 224 mingtani tashkil qilgan.
126 ming 710 ga yaqin aliment qarzdorlari to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan bo‘lsa, 58 ming 190 ga yaqinining ijro hujjati bo‘yicha aliment pullari davlat ijrochilari tomonidan qarzdorlarga majburiy ijro etish choralarini qo‘llash orqali undirib kelinmoqda.
Murojaatlarga ko‘ra, aksariyat hollarda, alimentdan qarzdor viloyatdagi otalar Toshkent shahrida va xorijda (Rosssiya Federatsiyada) yashirinishlari aniqlangan.