O‘zbekistonda 30 kishilik to‘y o‘tkazish talabini doimiy saqlab qolish taklif qilinmoqda

O‘ttiz kishi ishtirokida to‘y o‘tkazish ko‘pchilikka ma’qul keldi. Endilikda fuqarolar to‘y o‘tkazishdagi bunday chegara karantindan keyin ham saqlanib qolishini xohlashmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 5 avg - Sputnik. "Mening fikrim" jamoaviy murojaatlar portaliga to‘y marosimlarini 30 kishilik tartibda o‘tkazilishini doimiy saqlab qolish haqida petitsiya joylashtirildi.

Dabdabaning dabdalasi: dabdabaga qarshi qonun qabul qilinadigan vaqt keldi

"Ijtimoiy tarmoqlarda "yashil" hududlarda 30 kishilik to‘ylarni o‘tkazishga ruxsat berilganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Ko‘pchilik to‘ylardagi bunday chegara karantindan keyin ham saqlanib qolishini xohlamoqda.

Shu sababli, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining "To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi Qo‘shma qarorida belgilangan to‘ylarga 200 kishidan ortiq mehmon chaqirmaslik haqidagi qoidani "30 kishilik" deb o‘zgartirishni taklif qilaman.

Surxondaryoda hashamatli to‘y ommaviy karantin bilan tugadi

To‘y taraddudida yurganlarning ko‘pchiligi shu kunlarda tezroq to‘yini o‘tkazishga shoshilayotgani sir emas. Yoshlar ham bunga qarshilik qilayotgani yo‘q. To‘ylarni ixcham, dabdababozlik va isrofgarchiliklarsiz o‘tkazishni hamma xohlaydi. Ammo, biror qonun yoki qaror bilan tasdiqlanmasa, 200 kishiga to‘y qilinaveradi. 200 kishilik to‘ylarga ketadigan sarf-xarajat 500-600 kishilik to‘ylarnikiga teng bo‘lib qoladi. To‘y qilaman deb qarzga botib, ertasi kuni kuyov bola yoki uning otasining xorijga ketayotganlik holatlari ham kam emas.

Hatto, buning ortidan jiddiy kasalliklar orttirib olinayotgan holatlar ham mavjud. Abdulla Avloniyning yuz yil oldin yozib qoldirgan "O‘zbek xalqini to‘y balosidan qutqaring" degan so‘zlari bugungi kunimiz uchun ham ayni haqiqatdir. To‘y qilish, buni ko‘pchilikka ma’lum qilish yaxshi, lekin bu oilaning kelajagiga yomon ta’sir o‘tkazadi.

O‘ttiz kishilik to‘ylar qanday o‘tkazilishi kerak - Mahalla vazirligi javobi

Shu to‘yga atalgan pullarga yoshlarni uy-joy bilan ta’minlashga, oilasining moliyaviy ahvolini yaxshilashga, ta’lim olishiga sharoit yaratib bersak, qanchalik baxtiyor oilani tuzgan bo‘lamiz. Qanchadan-qancha oilalar iqtisodiy ahvoli tufayli hozir to‘y qila olmayapti. Menimcha, 30 kishilik to‘yni doimiy qilish vaqti keldi", deyiladi petitsiyada.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 2020-yil 1-iyundan boshlab "yashil" hududlarda bir qator faoliyat turlari qatorida oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishga ruxsat berildi. Bunda tantana va marosimlar faqatgina fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazilishi majburiyligi belgilangan edi.