Sanksiyalar, iqtisodiy aloqalarning cheklanishi, o‘zaro josuslik va, ehtimol, to‘qnashuvlarning zo‘ravonlik shakllarini o‘z ichiga olishi taxmin qilinayotgan Xitoy bilan sovuq urush muqarrarligini anglash fonida, G‘arb ekspertlar hamjamiyati Pekin ustidan g‘alaba qozonishning allaqanday sehrli usulini izlay boshladi. Vashington, London va Brusselda muhokama qilinayotgan "Xitoy ajdarini bo‘g‘ish" bo‘yicha variantlarning deyarli barchasi kolektiv urinish bilan Xitoyni yakkalash, zararsizlantirish va parchalash uchun Xitoyga qarshi keng ko‘lamli aksil-koalitsiya tuzishni ko‘zda tutadi. Bir vaqtlar SSSRga qarshi muvaffaqiyatli kurashda ham xuddi shu sxemadan foydalanilgan.
Ammo, agar ba’zi bir yo‘naltiruvchi prinsiplar darajasida xilma-xillik kuzatilmayotgan bo‘lsa, bu prinsiplarni aniq amalga oshirish darajasida jiddiy muammo yuzaga kelmoqda, uning yechimi atrofida prezidentlar, bosh vazirlar, diplomatlar va tahlilchilar nayzalari sinmoqda.
Gap shundaki, Yevropaning ba’zi poytaxtlari ham, AQSh "tahliliy markazlari"da ham Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlari (bu masalada ayniqsa Germaniya, Fransiya va Italiya ajralib turmoqda), shuningdek, ayrim Osiyo mamlakatlari XXRga qarshi yangi sovuq urushida negadir AQShning oddiy askari sifatida qatnashish istagida yonmayotgandek taassurot shakllanmoqda. Ustiga-ustak, ular ushbu urushda AQSh g‘alabasi uchun pul to‘lashni xohlamayapti (bu Germaniya va Fransiyaning Amerika "harbiy himoyasi" uchun YaIMning ikki foizi miqdorida to‘lov to‘lashni istamasligi bilan bog‘liq doimiy mojarolarda o‘z aksini topadi), ular hatto to‘liq ta’qiqqa ham darhol rozi bo‘lishga tayyor emas, masalan, Yevropa Ittifoqi xitoyning Huawei kompaniyasiga 5G tarmoqlari uskunalarini yetkazib berishdan voz kechmoqchi emas, bu ayniqsa Vashington va Londondagi "aksil-Xitoy qirg‘iylar"ni g‘azablantirmoqda. Yevropaning deyarli o‘z armiyasini tashkil etganligi hamda Makronning mustaqil (ya’ni "xitoyparast" yoki "amerikaparast" bo‘lmagan) tashqi siyosatni olib borish istagi haqidagi bayonotlari fonida keng aksil-Xitoy alyansini tashkil qilish juda murakkab va juda qimmat bo‘ladi degan shubhalar tobora kuchaymoqda, shu bilan birga ushbu muammoning yechimini izlash ham tobora kuchaymoqda.
Nufuzli Council on Foreign Relations (Xalqaro munosabatlar bo‘yicha kengash - tahr.) tahliliy markazi rahbarligida nashr etiladigan nufuzli Foreign Affairs jurnali ushbu muammoga ikkita yondashuvni tahlil qilmoqda, ulardan birini shartli ravishda "Donald Tramp yondashuvi", ikkinchisi esa "Boris Jonson yondashuvi" deb atash mumkin. Council on Foreign Relationsning Amerika elitasi va Yevropadagi amerikaparast elitaning ongiga ulkan ta’sirini hisobga olgan holda (ushbu "miya markazi"ning o‘zi bir nechta mashhur fitna nazariyalari qahramoni bo‘lib, ularda u deyarli "AQShning soyadagi hukumati" hisoblanadi), markazida Amerika bo‘lgan dunyo tartiboti inqirozini hal qilishga va "Xitoy muammosi"ga qarshi muvaffaqiyatli kurashish uchun taklif qilinayotgan usullarga e’tibor qaratish lozim, chunonchi, ular Rossiya bilan bevosita bog‘liq bo‘lganligi sababli ham.
Foreign Affairsdagi so‘nggi maqola "Demokratiyalar kengashi ko‘pqirralikni (Xalqaro munosabatlarda - tahr.) qutqarishi mumkin" sarlavhasi ostida nashr etilganiga qaramay, taklif qilinayotgan metodlar Vashingtonning (hech bo‘lmaganda G‘arbiy) dunyodagi ustunligini amalda saqlab qolishga qaratilgan, farqi esa Amerika gegemonligini saqlab qolishning muayan usullaridadir.
Amerikaning nufuzli nashri mualliflari muhokamalarni mavjud dunyo tartib-qoidasi abgor bir holatga kelib qolganini dalil sifatida keltirib, ayni vaqtda asosiy xavf koronavirus emas, balki Xitoy va Rossiya ekanligini ta’kidlaganlar.
"Ammo koronavirus pandemiyasidan oldin ham, Ikkinchi Jahon urushidan keyin AQSh shakllantirishga yordam bergan ko‘pqirrali tizim dunyodagi eng muhim muammolarni hal qila olmayapti. COVID-19 qirol - yalang‘och ekanligini ko‘rsatdi, ammo aslida qirol bir muncha vaqtdan beri nochor kiyimda edi.
Jahon iqtisodiyoti og‘irlik markazi Hind-Tinch okeani mintaqasi tomonga qarab siljigani sababli, global ambitsiyalarga ega tuzilmalarga ushbu regionda muhim vakillikka ega bo‘lmay turib ishonchli yetakchilikka ega bo‘lish imkoni qolmadi. Ammo 1973-yildagi neft inqirozidan keyin paydo bo‘lgan G7ning hali ham Yevro-Atlantika mintaqasidan uzoqda bo‘lgan bir a’zosi bor – bu Yaponiya. 1997-yilgi Osiyo moliyaviy inqirozidan keyin shakllangan va 2008-yildagi global moliyaviy inqiroz davrida o‘z ahamiyatini ko‘rsatgan G20 esa siyosiy nuqtayi nazardan va xalqaro muammolarni ishonchli hal qilish qobiliyati nuqtayi nazaridan bir-biriga mos kelmasligi ma’lum bo‘ldi. Shu vaqtning o‘zida, BMT Xavfsizlik Kengashi Xitoy va Rossiyada agressiv avtoritarizm qayta bo‘y ko‘rsatishidan mayib bo‘ldi".
Bu juda jasoratli tashxis bo‘lib, uni: "Hammasi boy berildi va hech narsa ish bermayapti!" mazmunidagi tezisga keltirish mumkin.
Tabiiyki, ikkita yechim taklif etilmoqda, biri Trampdan, ikkinchisi Djonsondan.
"Jonson yangi tuzilma g‘oyasini ilgari surgan birinchi inson bo‘ldi. May oyida u G7 mamlakatlari plyus Avstraliya, Hindiston va Janubiy Koreyadan tashkil topgan o‘nta yetakchi demokratiyalar alyansini tuzishni hamda unga D10 deb nom berishni taklif qildi. Bundan maqsad telekommunikatsiyalar sohasidagi siyosatni muvofiqlashtirish va xitoyning hamma joyda xavfsizlik muammolarini yuzaga keltirayotgan 5G texnologiyasiga ega bo‘lgan yetakchi Huawei bozoriga muqobil bozorni ishlab chiqish edi. Bundan ko‘p o‘tmay, iyun oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Tramp G7 yig‘ilishini bekor qilib, uning o‘rniga kuzda G11 formatidagi sammitni taklif etdi. Jonson taklifini ortda qoldirgan Trampning yangi guruhi D10 dagi davlatlar bilan birga Rossiyani ham o‘z ichiga oladi.
Foreign Affairs ekspertlari Rossiyani ushbu klubga qo‘shishni tavsiya etmaydilar va "D10 variantini", ya’ni Djonson sxemasini afzal ko‘rishmoqda, lekin bu eng muhimi emas. Ushbu tavsiya motivatsiyasi katta qiziqish uyg‘otadi va uning mazmuni shundaki, Rossiyani qandaydir yo‘l bilan Xitoyga qarshi kurashda ishtirok etishga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘lingan taqdirda ham, Tramp rejasi baribir juda yomon ko‘rinishga ega va Xitoyga qarshi kun tartibiga ega bo‘lgani uzoq muddatli istiqbolda istiqbolsizdir, shu bilan birga Jonsonning rejasidan esa, ma’lum bir ijobiy kun tartibini, ya’ni "Xitoyga qarshi ittifoq" emas, balki "barcha yaxshi narsalar uchun ittifoq"ni yaratishga imkon beradigan ma’lum birlashtiruvchi g‘oyani olish mumkin.
Ijobiy kun tartibi deyilganda, albatta, - "Demokratiya", "Ozodlik" va "Inson huquqlari" singari quruq shiorlar nazarda tutiladi. Bu yerda juda kulgili tomoni bunday ijobiy kun tartibining Vashingtondagi amaldagi tashqi siyosatga qarshi qo‘yilganidir: "Qo‘shma Shtatlarning Xitoy boshchiligidagi Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, "Bitta kamar – bitta yo‘l" tashabbusi va Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan "Shimoliy oqim-2" gaz quvuriga qarshi chiqishi mumkin, ammo u muqobil variant taklif etmasa, boshqa davlatlarni shunday qilishga ishontirishi qiyin bo‘ladi. Vashington hech narsani ishlatmay turib nimadir ustidan g‘alaba qozona olmaydi".
Bunday yondashuvning muammosi shundaki, "AQShda ishlab chiqarilgan" yorlig‘i yopishtirilgan "Demokratiya" va "Ozodlik", Germaniya uchun Rossiya gazining yoki Italiya uchun - Xitoy sarmoyalari o‘rnini bosolmaydi. Bunda Amerika pullari ish berishi mumkin edi, ammo Vashingtonga bu singari munosabatlar kerak emas va shu bilan birga kelajakdagi prezidentning familiyasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar: Baydenga ham, Trampga ham mustamlakalar kerak, ammo Yevropa Ittifoqini - D10 yoki G11 formatida bo‘lishidan qat’iy nazar - bunday maqomga qaytarishning endi iloji yo‘q. Rossiya haqida esa asti gapirmasa ham bo‘ladi.