TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.
Bir sutka davomida 311 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 19 179 nafarni tashkil qilmoqda.
Yangi kasallanish holatlarining 106 nafari Toshkent shahrida, 52 nafari Qashqadaryo viloyatida hamda 35 nafari Andijon viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.
Davolanish ko‘rsatkichi
Bugunning o‘zida 54 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 10 203 nafarga yetdi.
Ayni paytda 8 872 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda. Ulardan 118 nafari og‘ir, 30 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.
O‘lim holatlari
Jizzax shahrida yashagan 57 yoshli T.A. (ayol)da “COVID-19” tasdiqlangach, u viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Unga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.
O‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
Yana bir holat: Toshkent shahri Sergeli tumanida yashagan G.R.da 9-iyul kuni “COVID-19” tasdiqlangan va Zangiota ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.
Unga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.
O‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.
O‘zbekistonda jami 104 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.
Turkiya konsultantlari
COVID-19ga qarshi kurashda ko‘mak berish uchun respublikaga turk mutaxassislari - Turkiya sog‘liqni saqlash vazirligi ilmiy kengashi a’zosi, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, professor Rejep Ozturk, Xasettepe universiteti ilmiy kengashi a’zosi, jamoatchilik salomatligi bo‘yicha mutaxassis, professor Levent Akin va Anqara shahar shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassisi, professor Xatitse Raxmet Guner konsultant sifatida kelishdi.
Bugun Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov konsultantlarni qabul qildi va COVID-19ga qarshi olib borilayotgan choralar haqida batafsil gapirib berdi.
Yevropadan olib kelingan fuqarolar
23-24 iyul kunlari Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Yevropa davlatlarida vaqtincha bo‘lib turgan va COVID-19 tufayli respublikaga qayta olmagan vatandoshlar Toshkent-Frankfurt-Toshkent yo‘nalishidagi maxsus reys bilan Vatanga qaytarildi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi tomondan tashkil etilgan mazkur charter reys bortidan Germaniya, Shvetsiya, Shveysariya, Chexiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Norvegiya va Belgiya bo‘lb turgan 200 nafar talaba, sayyohlar, qarindoshlarining uylarida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolar, shuningdek turli ishlab chiqarish koorxonalarining xorijiy mutaxassislari joy oldi.
Belgilangan qoidalarga muvofiq barcha yo‘lovchilar 14 kunlik karantinni maxsus muassasalarda yoki o‘z xohishiga binoan Toshkent shahridagi mehmonxonalarda o‘tkazadi.
Dunyo salomatligi
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 15,5 milliondan oshdi, 633 ming kishi vafot etdi. Eng ko‘p holatlar AQShda (4,0 mln), Braziliyada (2,3 mln), Hindistonda (1,3 mln).