DXX O‘zbekiston bo‘ylab bir nechta amaldorlarni "halollik vaksinasi" bilan emladi

O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, odamlardan minglab dollarlarni pora evaziga olayotgan mansabdorlar ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi
Sputnik

TOShKENT, 16-iyul - Sputnik. O‘zbekiston DXX korrupsiya bilan bog‘liq bir nechta holatlarga chek qo‘ydi, deb xabar berdi idora matbuot-xizmati.

"Halollik vaksinasi" qayerda?

Xususan, Toshkent shahar Bektemir tumani hokimligining mas’ul xodimi mahalliy tadbirkorga 4 ming AQSh dollari evaziga Yashnobod tumanidagi yer usti metrosi tagidagi bo‘sh yerlardan tijorat maqsadida foydalanishi uchun rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.

DXX Toshkent shahar Boshqarmasi xodimlarining shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida mazkur shaxs talab qilingan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti dotsenti o‘zining vositachisi bo‘lgan jinoiy sherigi bilan birgalikda mahalliy fuqaroni ushbu oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 10 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ushlangan.

Yer, rahbarlikka tayinlanish va o‘qishga kirish: DXX korrupsiyaga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazdi

Bundan tashqari, Samarqand viloyati Urgut tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida ishlovchi shifokor Samarqand davlat tibbiyot institutidagi yuqori lavozimli tanishlari orqali 3 nafar fuqaroni mazkur oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 18 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, uning hamtavog‘i bo‘lgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filiali shifokori ham qo‘lga olingan.

Bu kabi holatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham kuzatilgan.

Jumladan, Nukus davlat pedagogika institutining fakultetlaridan birida dekan o‘rinbosari vazifasida ishlovchi shaxs Kegeyli tumanida yashovchi fuqaroga ushbu oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihonlarida yordam berishni va’da qilib, undan 3 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Ismoilov: bugungi kunda korrupsiyani yashirish deyarli imkonsiz bo‘lib qoldi

Mazkur institutning yana bir xodimi Beruniy tumanida yashovchi 4 nafar fuqaroning o‘qishga kirishlarida yordam berish evaziga ularning har biridan 2 ming AQSh dollaridan, jami 8 ming AQSh dollari talab qilib, so‘ralgan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ushlangan.

Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi Jondor tumanida yashovchi fuqaroni o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, evaziga undan 4000 AQSh dollari olayotgan vaqtida DXX va Prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ushbu noqonuniy ishlarga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy majlis yangi chaqiriq deputatlariga murojaatnomasida korrupsiya illatiga to‘xtalar ekan, "jamiyaning barcha a’zolari halollik vaksinasi bilan emlanmas ekan - o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erisha olmaymiz. Eng katta masala halollik masalasini qayerdan olamiz? Korrupsiya bu oyog‘imizga solingan kishan", - deya qayd etgan edi. 

"Endi har bir tashkilotni, rahbarni mikroskop ostida kuzatamiz. Oldin faqat gap edi. Korrupsiya illatiga qarshi kurashish bo‘yicha sadoqatli qattiqqo‘l rahbarni qo‘yamiz. Biz hozir uni tayyorlayapmiz",- deya ta’kidlagandi O‘zbekiston prezidenti.