TOShKENT, 28 fev – Sputnik. Dehlida yuz bergan tartibsizliklarning to‘rt kunida kamida 34 kishi halok bo‘ldi, musulmon hududlarning ikki yuzga yaqin aholisi jarohat oldi.
OAV xabarlariga ko‘ra, mahalliy kasalxonalar to‘lgan. Bu so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik din bilan bog‘liq tartibsizliklar. Nima bo‘lganligi haqida - RIA Novosti muallifi Sofiya Melnichuk maqolasida.
Radikal hindlar 23-fevral, yakshanba kuni masjidlar va musulmonlarga tegishli do‘konlarga hujum qilishni boshladilar. Politsiya maxsus bo‘linmalari ko‘chalarga juda kech yetib keldi. Poytaxtda notinchliklar avj olayotgan bir paytda, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi AQSh prezidenti Donald Trampni qabul qilayotgan edi.
Musulmonlar - kelmang!
Dekabrda mamlakat parlamenti qo‘shni davlatlar fuqarolari tomonidan Hindiston pasportini berishni soddalashtiradigan qonun qabul qildi. Ammo, bitta shart bilan: ular induistlar, sikxlar yoki nasroniylar bo‘lishi mumkin - faqat musulmon emas.
Bu Islom tarafdorlarini g‘azablantirdi. Ular ushbu yangilikni o‘z huquqlarining buzilishi deb va dunyoviy davlat tamoyillariga va Hindistondagi barcha dinlarning tengligiga zid deb hisobladilar. Modi Bangladesh, Afg‘oniston va Pokistonda mazlum dinlar vakillarini himoya qilish zarurligini ta’kidladi, musulmonlar uchun ikki tomonlama standartlarni esa tan olishdan bosh tortdi.
Ammo bu hukumatning aholining islomiy qismining noroziligiga sabab bo‘lgan yagona tashabbusi emas. 2019-yil avgust oyida Pokiston bilan chegaradosh va Hindistonda yagona, aholisining aksariyati musulmonlar bo‘lgan Jammu va Kashmir shtati avtonomiya maqomidan mahrum qilindi. U yerda noroziliklar to‘lqinlari bo‘lib o‘tdi, ammo qon to‘kilishigacha bormadi.
Noyabr oyida Oliy sud Ayodxya shahridagi (Uttar-Pradesh shtati) yer maydoni bo‘yicha musulmonlar va hindular o‘rtasidagi tortishuvga nuqta qo‘ydi, ilgari shu sabab ko‘p to‘qnashuvlar yuz bergan. Induistlar g‘alaba qozonishdi - ularga bu yerda Vishnuda gavdalashgan Rama xudosi ibodatxonasini qurishga ruxsat berildi. Masjid qurilishi uchun musulmonlar jamoasiga boshqa hudud ajratildi. Narendra Modi ushbu qarorni "ko‘p asrlik ma’naviy ideallar, urf-odatlar va birodarlik ruhining namoyishi" deb atadi.
Ayodxya qarama-qarshiligi
Hozirgi norozilik namoyishlari 30-yildan ko‘proq vaqt oldin sodir bo‘lgan voqealar bilan taqqoslanadi. Qizig‘i shundaki, o‘shanda ham Ayodxya borasidagi bahslar muhim rol o‘ynagan.
1984 yil 31-oktabrda sikh-tansoqchilari o‘sha paytdagi Bosh vazir Indira Gandini o‘ldirishdi. Mustaqil Hindistonning birinchi hukumat rahbari Javaharlal Neruning qizi diniy betaraflikni saqlashga harakat qilgan, lekin bir marta Amritsarda g‘azabi avj olayotgan sikx millatchilariga qarshi kuch ishlatishga rozilik bergan edi va u buning uchun o‘z boshi bilan javob berdi.
Uning halokidan keyin hind milliy kongressi va hozirda Narendra Modi boshqarayotgan millatchi "Bxaratiya Janata parti" (BJP) o‘rtasidagi siyosiy kurash avj oldi. BJP "induizmning oltin davri"ga qaytishini nazarda tutuvchi hind millatchiligi mafkurasi bo‘lgan xindutvaga tayangan. Millatchilarning fikricha, X asrda qadimiy madaniyatga ega mamlakatni zabt etgan musulmonlar o‘z qadriyatlarini bu yerda singdira boshladilar.
Oltin arava – qonli arava
"Bxaratiya Janata parti" faollari saylovchilarni jalb qilish uchun to‘rt asrdan ko‘proq vaqt oldin Rama ibodatxonasi o‘rnida qurilgan masjidni yo‘q qilishga qaror qilishdi. Oltin rangga bo‘yalgan avtobus ko‘rinishidagi "aravada" ular muqaddas shahar tomon yo‘l olishdi.
Oltin aravacha qayerga bormasin, o‘sha yerdagi musulmonlar azob chekardilar. Rasmiylar vaziyatni nazoratga olishga urinishlari behuda bo‘lgan - isonchilar aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Yakuniy maqsadga yetishgach bir necha ming kishi masjidni demontaj qila boshladi. Politsiya buzg‘unchilarni tarqatishga erishdi, ba’zilari og‘ir jarohat oldi. Tartibsizliklarda mingdan ortiq islom dini tarafdorlari o‘ldirildi.
Islom “vasvasasi”
Bir necha asrlar ilgari islomning "kengayishi" haqidagi xotiralar hind jamiyatida hali ham kuchli, deydi sharqshunos olim, tarix fanlari nomzodi, IMEMO RAN katta ilmiy xodimi, tarixchi Aleksey Kupriyanov, RIA Novosti bilan suhbatda. "Modi hokimiyatga hindlarning ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlangani avjida keldi. Hind millatchilarining fikriga ko‘ra, Islomni qabul qilish Hindistonda sodir bo‘lgan eng yomon narsa va odam qanchalik radikal bo‘lsa, u musulmonlardan shunchalik nafratlanadi", - deya tushuntiradi ekspert.
Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, hind jamiyatida Islom haqida afsonalar ko‘p. Masalan, sevgi jixodi deb ataladigani. Go‘yo musulmonlar boshqa e’tiqodli qizlarni qasddan o‘ziga sevdirib, ularga uylanadilar va shu tariqa o‘zlarining ta’sirlarini va e’tiqodini tarqatadilar, musulmonlar sonini oshiradilar.
"Shuningdek, 2011-yildagi aholini ro‘yxatga olishniningbuzilishiga oid shunga o‘xshash mish-mishlar mavjud. Hisoblash bilan bog‘liq muammolar tufayli ba’zi hududlar qamrab olinmagani ma’lum bo‘ldi va natijada yakuniy ma’lumotlar e’lon qilinmay qolib ketdi", - deydi Aleksey Kupriyanov. Shu tariqa, aholini ro‘yxatga olish musulmonlar soni keskin oshganligini ko‘rsatdi, shuning uchun natijalar oshkor qilinmaganligi haqidagi "afsonaga " vujudga keldi. Bundan tashqari, Islom tarafdorlari soni o‘sishda davom etmoqda - va ertami-kechmi bu musulmonlarni Hindistonni egallab olishga olib keladi va hukumat va ma’murlar buni yashirmoqda".
Shunchaki siyosatchilar qo‘lida qurol
Ba’zi siyosatchilar musulmonlarga nisbatan noto‘g‘ri qarashlarni populistik maqsadlarda foydalanadilar. Keskin gaplar janjallarni keltirib chiqardi, keyin uzrlar aytildi. Ammo bunday usullar elektorat ishonchini qozonish uchun asosan mahalliy siyosatchilar tomonidan qo‘llaniladi.
Shtat vaziridan yuqori maqomga ega bo‘lgan arboblar o‘zlariga musulmonlarga qarshi so‘zlashlariga yo‘l qo‘ymaydi, deydi Aleksey Kupriyanov. Yuqoridagilar dunyoviylik va diniy bag‘rikenglik tamoyillari har jihatdan tasdiqlaydi va bunga alohida urg‘u beradi.
Bundan tashqari, musulmonlarning o‘zlari ham Narendra Modiga ovoz berishgan, chunki umuman olganda ular Hindistondagi hayotdan mamnunlar, ayrim holatlar bundan mustasno.
"Hind musulmonlarining bir qismi katta shaharlarda istiqomat qiladi, yaxshi ma’lumot olishadi va hind jamiyatiga to‘liq qo‘shilishadi, o‘zlarini juda qulay his qilishadi", - deya ta’kidladi RIA Novostiga suhbatdosh.
Islom dini tarafdorlarining aksariyati "o‘z ichidagi dunyo"dir. Musulmon hududlari aholisi ko‘pincha o‘z farzandlarini maktabga yubormaydilar, oliy ma’lumotga intilmaydilar va ish joylarida, odatda, o‘z jamoasi ichida ishlaydilar. "Hindistondagi musulmonlar asosan "gettolashgan", ammo qo‘shnilariga haqiqatan xalaqit bermaydi, - deydi ekspert. Agar ular juda katta noqulaylik tug‘dirgan bo‘lganida, keng ko‘lamli buzg‘unchiliklar boshlangan bo‘lar edi".
Sharqshunosning fikriga ko‘ra, Hindistondagi musulmonlarning ahvolini kritik deb bo‘lmaydi. Uzoq vaqt davomida ommaviy buzg‘unchiliklar bo‘lmagan, faqat kichik to‘qnashuvlar yuz berdi. Ammo, agar mintaqalarda bir necha odamning o‘limi deyarli sezilmagan bo‘lsa, bu safar ehtiroslar hammaning ko‘z o‘ngida - mamlakat poytaxtida ro‘y berdi va bu katta rezonansga sabab bo‘ldi.