TOShKENT, 9 dek – Sputnik. O‘zbekistonda 2020-yildan boshlab o‘z qaramog‘ida bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslarning tarbiyasiga e’tibor bermaslik, ularning ta’lim olishiga sharoit yaratmaslik uchun jarimalar miqdori keskin oshirilishi mumkin.
Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasida, O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasiga (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) o‘zgarishlar kiritishni taklif qilmoqda.
Xususan, voyaga yetmagan bolalar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan holatda, ularning ota-onasi va vasiylariga nisbatan solinadiga jarimalar miqdorini EKIHning 1 baravaridan 5 baravariga oshirish, ushbu holat bir yil ichida takrorlanganda EKIHning 5 baravaridan 10 baravarigacha oshirish taklif qilingan.
Shuningdek, Agar ota-ona yoki vasiy bolaning ta’lim olishiga to‘sqinlik qilsa EKIHning 10 baravaridan 10 baravarigacha, ushbu holat 1-yil ichida takrorlansa – 15 baravardan 25 baravarigacha oshirilsin – deyilgan yangi normativ-huquqiy hujjat matnida.
Undan tashqari, Bosh prokuratura Ma’muriy kodeksni 197-5 moddasi (Ta’lim muassasasining pedagogik xodimi kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish) bilan to‘ldirishni taklif qilgan. Ushbu qonunbuzarlikni sodir etgan shaxsga EKIHning 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.
Yangi qonun loyihasi 2019-yilning 21-dekabriga qadar muhokamada bo‘ladi.