TOShKENT, 28 noya - Sputnik. Xalqaro Press Klubning kechagi tadbirkorlik mavzusiga bag‘ishlangan sessiyasida o‘z saylovoldi tashviqot kampaniyasini boshlab yuborgan O‘zbekiston siyosiy partiyalari vakillari mamlakatda hukumat lavozimlarida tadbirkorlar ishlay oladimi, degan savolni muhokama qildilar, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi (O‘zLiDeP) siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi kotibiyati rahbari Nuriddin Murodov savolga javoban "partiya bunday ma’lumotga ega bo‘ladigan tashkilot emas"ligini ma’lum qildi va tarixda sud hukmlari bilan o‘z isbotini topgan bunday jinoiy holatlar uchrab turishini aytdi. "Shu uchun biz deklaratsiya tizimini yaxshi yo‘lga qo‘yishimiz mumkin", dedi masalaga yechim tariqasida u. Murodovning so‘zlariga ko‘ra, prokuratura, sud yoki Senat xodimlari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari mumkin emas. "Lekin besh yillik faoliyatim davomida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan deputat o‘z biznesidan butkul voz kechganini ko‘rmaganman. Aksariyat holatlarda deputatlikka saylangan tadbirkorlar o‘z biznesini vaqtincha boshqaning nomiga o‘tkazib qo‘yib, Oliy Majlisdagi faoliyati tugach, yana qaytarib olib, biznesini davom ettiraveradilar", - dedi Murodov.
"Adolat" sotsial-demokratik partiyasi Toshkent viloyati Kengashi raisi Umid Shoumarov esa partiya bunday tadbirkor-mansabdorlarni hatto olqishlashini bildirdi.
"U xoh aksiyador yoki yirik tadbirkor bo‘lsin, bugungi kunda omadli tadbirkormi, demak u hozirgi - tadbirkorlarga qiyin sharoitda ham o‘zini tutvogan. Demak, u Yevropa andazasi asosida ishlayapti. Demak u "marketing", "menejment" va boshqa islohotlarni joriy etgan. Agarda bu kabi tadbirkor hukumatda, hokimiyatda o‘z o‘rnini topsa, "Adolat" partiyasi bunga qarshilik ko‘rsatmaydi, chunki bunday tadbirkorlar bizga eski tizimdan voz kechib, yangi tizimni joriy etishga ko‘maklashayotgan bo‘ladi", - deya izoh berdi Shoumarov.
"Adolat" partiyasi vakili shuningdek, bunday holatlardan "jinoyat alomatlarini" izlash noo‘rin, deya ta’kidlab, O‘zbekistondagi har qanday mansabdor aksiyalar sotib olishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov savolga javobni "jonli misollardan" boshladi. "Mana, men bir hokimni bilaman. Besh yuz gektar yeri bor. Qayerdan paydo bo‘lgan bu yer? Javob oddiy - u hokim bo‘lgunga qadar fermer edi. Nima endi, hokim bo‘ldim deb, bervorsinmi o‘sha yerni birovga? Yoki bo‘lmasa, bir nechta deputatlarni bilaman: zavodi bor, katta-katta fabrikalari bor. Deputat bo‘ldim deb, ular ham bervorishi kerakmi bu zavodlarni? O‘g‘il-qizi nomiga o‘tkazdi. Bunday tadbirkorlarimiz ko‘proq liberal(O‘zLiDep, demoqchi)lardan o‘tdi bunday tadbirkorlarimiz", - deb ta’kidladi Abdurahmonov va bunday holatlarni "normal holat". deya baholashini qo‘shimcha qildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi bo‘limi boshlig‘i Boymurod Yusupov esa aksincha, tadbirkor hukumat lavozimlarida ishlashi mumkin emas, degan fikrni ilgari surdi.
"Agar mansabdor rahbar u yoki bu tadbirkorlikka ega bo‘ladigan bo‘lsa, demak u kimningdir nomi orqali o‘z mansabini suiiste’mol qilgan holda shu tadbirkorlikni yuritayapti. Demak, bu yerda qonun buzilishi holatlari bo‘layapti. Chunki oddiy tadbirkor bilan bunday mansabdor-tadbirkor o‘rtasida raqobat bo‘lolmaydi. Bizning partiyamiz bunday holatlarga "korrupsiyaning bitta ko‘rinishi va qonun buzilishi", deya baho beradi", - dedi Yusupov.
Yusupovning bu so‘zlariga "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi vakili Mirodil Abdurahmonov keskin e’tiroz bildirdi.
"Kechirasiz, agar o‘sha odam qonunni buzsa, uning faoliyatiga shunday baho berish mumkin. Kechirasizu, qonunni buzmayotgan bo‘lsa biz hozir qancha-qancha tadbirkorlarimizni haqorat qilib qo‘yapmiz?", - dedi XDP vakiliga yuzlanib "Milliy tiklanish" partiyasi vakili.