TOShKENT, 27 noya - Sputnik. O‘zbekistonda biznes ombudsmenga o‘tgan davr mobaynida 5 mingdan oshiq murojaatlar kelib tushgan, dedi O‘zbekiston prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil o‘rinbosari Jamshid Urinov Xalqaro Press Klubning navbatdagi, tadbirkorlik masalalariga bag‘ishlangan sessiyasida.
"Shundan to‘rt mingdan ortig‘i hal qilingan. Aniqlangan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 500 ga yaqin ta’sir choralar qo‘llanilgan. 77 holatda 37 milliard so‘mlik da’vo arizalari kiritilgan", - dedi Urinov.
O‘zbekistonda ombudsmen institutining tashkil etilishiga nima turtki bo‘ldi, degan savolga javob berar ekan, suhbatdosh ilgari ham tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi tuzilmalar bo‘lgani va ular hozir ham borligini, biroq bulardan farqli ravishda biznes-ombudsmenning muhim bir jihati - u prezident huzurida tashkil qilingani va faqat prezidentga bo‘ysunishi, faqat prezidentga hisobot berishini ta’kidladi.
"Ishda faqat konstitutsiya va qonunlarga bo‘ysunamiz, hech qaysi davlat organi oldida biz hisobdor emasmiz", - deb qo‘shimcha qiladi Urinov.
Biznes-ombudsmen o‘rinbosarining aytishicha, tuzilma tashkil etilgan kundan boshlab, tadbirkorlarni kutib o‘tirmaymiz, degan bir g‘oyani shior qilib olgan.
"Qachon biza shikoyat qilisharkin, qachon kim muammosini ko‘tarib kelishini kutib o‘tirmaymiz. Bizlar o‘zimiz boramiz. Respublikamizda birorta tuman qolmadi biznes-ombudsmen vakillari kirib bormagan. Shu paytgacha 60 mingdan ortiq tadbirkorlar bilan uchrashdik. Ular tomonidan ko‘tarilgan masalalar imkoni bo‘lgan joyida bir og‘iz gap bilan hal qilindi", - deydi suhbatdosh.
O‘tgan davr mobaynida biznes-ombudsmenga 5 mingdan oshiq murojaatlar kelib tushgan. Shundan 4 mingdan ortig‘i hal qilingan. 77 holatda 37 milliard so‘mlik da’vo arizalari kiritilgan, shundan 30 milliard so‘mlik qismi sudlar tomonidan ko‘rib chiqilib, da’vo arizalari qanoatlantirilgan.
"Prezidentga hisobotlar muntazam ravishda olib kiriladi, men oyda bir marta yoki ikki marta hisob beraman, deb aytolmayman. Chunki zarurat har xil bo‘ladi", - deydi Urinov.
Urinovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda tadbirkorlarni nazorat qiluvchi 39ga yaqin organ mavjudligini aytadi.
"Ularning ustidan turli xil shakllarda murojaatlar tushayapti", - deydi u.
Tadbirkorlar orasida eng ko‘p uchraydigan muammolar haqida to‘xtalar ekan, Urinov, ular uch toifaga bo‘linishini qayd etadi. Birinchisi, aksariyat tadbirkorlarni yer masalasi aksariyat qiynashini aytadi. Ikkinchi masala – pul masalasi. "Tadbirkorlarga umuman dunyo bo‘yicha pul kerak, pul bo‘lganda ham arzon shakli kerak. Banklarimiz belgilangan stavkadan past pul ajratadigan bo‘lsa, o‘ziga zarar bo‘ladi. Bizni nazarimizda ular ham tadbirkorlik subyekti", - deya tushuntiradi biznes-ombudsmen o‘rinbosari.
Tadbirkorlarni oldida turgan uchinchi masala – bu kommunikatsiya, ya’ni tarmoqlarga ulanish - gaz, svet, suvga oid masaladir.
Yer masalasiga to‘xtalar ekan, biznes-ombudsmen o‘rinbosari iqtisodiyot rivojlanishi bilan yerga bo‘lgan ehtiyoj pasayib ketishini prognoz qiladi.
"Mana, Apple, "Amazon" yoki Alibaba kompaniyalarini olib qaraydigan bo‘lsak, haqiqatda, ularni "starti" uchun joy kerak bo‘lgan, lekin ular bugun internetda shu darajaga yetguniga qadar ishlarini oddiy do‘kondan boshlashgan. Bugun bular dunyodagi eng boy kompaniyalar hisoblanadi. Shu bois, vaqti kelib bizlarda ham yerga bo‘lgan ehtiyoj bugungidek bo‘lmay qoladi. Biz bora-bora yerdan samarali foydalanishni o‘rganamiz", - dedi Urinov.
Biznes-ombudsmen o‘rinbosari O‘zbekiston tadbirkorlarini 2020-yilda kutayotgan yangiliklar haqida ham qisqacha to‘xtaldi.
"Hozirda tadbirkorlikka ruxsat beruvchi hujjatlarni imkon qadar qisqartirish ustida ishlayapmiz. Tadbirkor ish o‘rni beradi, davlat iqtisodini rivojlantiradi. Tadbirkorlikka ehtiyoj bor ekan, biz fuqarolarimizga shu istakni amalga oshirishga imkoniyat berishimiz kerak. Hozirda erkinlik yaratilayotgan qonunlar ustida ishlanayapti", - dedi o‘z so‘zi yakunida Urinov.