Irgashev: O‘zbekistonning barcha sayi-harakatlari Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan

O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi uchun O‘zbekiston qanday ishlarni amalga oshirayotgani va Surxon-Puli-Xumri loyihasi qachondan ishga tushirilishi haqida gapirdi
Sputnik

TOShKENT, 16-iyul - Sputnik. 2018-yil 20-iyun kuni Termiz shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston davlat va xususiy sektorlari vakillari o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi bo‘lib o‘tgan edi. Bugun Toshkent shahrida ushbu muloqot davomi sifatida ikkinchi raund uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Kamilov Afg‘oniston elchisi bilan munosabatlarning dolzarb masalalarini muhokama qildi

Tadbir davomida so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev oxirgi uch-to‘rt oy ichida O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarida katta o‘zgarishlar yuz berganini aytib o‘tdi.

"Birinchi iyun kuni O‘zbekiston va Afg‘oniston munosabatlarida tarixiy voqea yuz berdi – birinchi marta O‘zbekiston bosh vaziri (Abdulla Aripov) Afg‘onistonga tashrif buyurdilar va juda katta tadbir – ko‘rgazma ochilishi, biznes forum o‘tkazilishida ishtirok etdilar. Afg‘oniston TIV rahbari Abdulla Abdulla ishtirokida o‘tgan muzokaralar shuni ko‘rsatadi-ki, ikki xalq bir-biriga juda ham yaqin, ikki xalq bir-biri bilan yaxshi munosabat, yaxshi savdo qilishni istaydi. Ikki xalq bir-biriga tayanib, Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatishga harakat qilish niyati bor. O‘zbekiston prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan bu barcha ishlarning pirovard natijasi - Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan", - dedi Irgashev.

Irgashevga ko‘ra, O‘zbekiston Afg‘onistonda qancha ko‘p ishchi joylarini yaratadigan bo‘lsa, qancha ko‘p afg‘on yoshlari va qizlarini o‘qitib, ularga ilm bersa, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishini shu qadar yaqinlashgan bo‘ladi.

"Bu faqatgina savdo, bu faqatgina biznes emas - bu tinchlik uchun harakat. Biz iqtisodiyotni ko‘tarish, savdoni ko‘tarish orqali Afg‘onistonda tinchlik muzokaralarini boshlash uchun zamin yaratish niyatini o‘z oldimizga qo‘yganmiz. Shu nuqtayi-nazardan bugungi tadbirimizni juda ham muhim, deb hisoblayman", - dedi u.

Diplomatning aytishicha, O‘zbekiston Afg‘oniston yoshlari va qizlarini ilmli qilish, ularga bilim berish nuqtayi nazaridan juda katta ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Afg‘oniston prokurorlari O‘zbekistonda o‘qiydi

Termizda maxsus tuzilgan ta’lim markazida 100ga yaqin kishi oliy ma’lumotli diplomlarni qo‘liga olib, Afg‘onistonga qaytdi. Ular shu yil kuzdan Afg‘onistonda ish boshlaydilar va afg‘on hukumatiga, afg‘on iqtisodiga o‘zlarining hissalarini qo‘shadilar. Termizdagi ushbu markazda ko‘ptomonlama hamkorlik tashkil etilgan.

"Ushbu ta’lim markazida, Yevropa hamjamiyati, Xitoy davlati ishtirokida afg‘on yoshlari ta’lim-tarbiyasiga oid dasturlarni amalga oshirish niyatidamiz. <…> Bu ishlarimizni kengaytirishimiz kerak, niyatimiz afg‘on hukumati bilan birgalikda bu markazda ta’lim oladigan yoshlar sonini 300 nafarga yetkazishdir", - dedi Irgashev va O‘zbekiston malakali ishchilarni tayyorlashda ham Afg‘onistonga yaqindan ko‘mak berishini qo‘shimcha qildi.

Xususan, O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakiliga ko‘ra, "Mozori-Sharif – Hirot" temir yo‘l qurilishi Afg‘onistonda malakali ishchilar soni ko‘payishiga olib keladi. Chunki O‘zbekiston ushbu loyiha orqali taxminan 30 mingga yaqin afg‘onlarga ish topib berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. "Umid qilamanki, Afg‘oniston hukumati yaqin kelajakda temir yo‘l kengligi bo‘yicha, qaysi standartda qurish bo‘yicha yakuniy bir qarorni qabul qiladi va Afg‘oniston uchun juda muhim bo‘lgan bu loyihani biz amalga oshirishni boshlaymiz", - dedi Irgashev.

Ertaga, 17-iyul kuni, O‘zbekiston-Afg‘oniston qo‘shma komissiya yig‘ilishida Surxon-Puli-Xumri loyihasi imzolanishi va ikki davlat ushbu loyihani to‘laqonli amalga oshirishni boshlashi kutilmoqda.