Erimni qarzini to‘lash uchun Amerikaga ketgandim, u esa o‘g‘limdan ayirdi – o‘zbek ayoli hikoyasi

O‘zbekiston ahli shu kunlarda turkcha "Gulperi" serialini o‘zbekona talqinda tomosha qildilar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sobiq erining kattagina qarzini to‘lash uchun Amerikaga ketgan Dilnozaga "Grin karta" baxti ham ta’timadi. "Orzular mamlakati"ga ketgach bir yil o‘tmay, sobiq eri sud orqali o‘g‘lini tortib olayotganini eshitib, shu zahoti ortiga qaytdi.
Sputnik

- Dilnoza, o‘zingiz haqingizda gapirib bering? Qachon turmushga chiqqansiz?

- Bundan o‘n yil oldin turmushga chiqqanman. Avval boshidan hayotimiz bo‘lmadi, hisob. Hali chillam chiqmasidan qaynonam tinch yashashimga kun bermagan. Ham o‘qirdim, ham uy ishlarini qilar edim. Bitta uyda ikki kelin yashardik. Qaynonam qayn ukamni misol keltirib, kelinni adasi uy-joy qilib berdi, o‘g‘limni ham ishli qildi, qolaversa har taraflama moddiy yordam berayapti, seni ota-onang ham eringga yordam bersin, birga yashashinglarga uy olib bersin, meni bunga kuchim ham qurbim ham yetmaydi, men o‘z vazifamni bajardim, endi menga tinchlik kerak, qachongacha hammamiz bir uyda tiqilib o‘tiramiz, deb ota-onamga ham aytmay ikki oylik kelinligimda erim bilan uydan haydavorishdi.

- Qayerga bordilaringiz?

- Kvartirada ijarada turdik. 7-8 oy shu taxlit yashadik. Bu orada homilador bo‘ldim, juda og‘ir yechdi. Siqilishlar, kamqonlik, och qolib ketishlarim o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Shukrki, ota-onam xabar olib turdi: oziq-ovqat, dori-darmon… Turmush o‘rtog‘im tomondan esa hech kim hatto eslamadi. Erim hech qayerda ishlamagani yetmagandek, ichkilikka berilgan edi. Men homilamdan ayrildim…

O‘zbekistonda 30 mingdan ziyod oila ajrashishga ariza bergan

Er ishlamagach, ijara puli masalasi muammo bo‘la boshladi. Shunda ota-onamdan pul berishlarini iltimos qilishga o‘tdim. Turmush o‘rtog‘im ish topishni xayoliga keltirmagach, ijarada turgan joyimizdan yana qaynonamni uylariga qaytib keldik. Erim ota-onasiga endi ish topishini, bundan buyog‘iga harakat qilishini aytib, va’dalar berdi.

- Siz bu va’dalarga ishondingizmi?

- Hammasi yaxshi bo‘ladi, birinchi farzandimiz nobud bo‘ldi, endi aqlim kirdi, deganida ishonibman.  Bu orada yana homiladorligimni bildim. Qaynonam, ering ishlamaganiga yarasha, sen qimirla, deb turtavergach, poliklinikada akusherka-hamshira bo‘lib ishga o‘tdim. Oyligimni olib kelib qaynonamni qo‘llariga tutqazardim. Oziq-ovqat ham mening bo‘ynimda edi. Erimni sigaretigacha ko‘tarib kelgan kunlarim bo‘lgan. Bu odam bir yilda bir oy odamlarni «Grin karta» o‘ynatish bilan shug‘ullanar edi. Lekin menga biron marotaba ishlagan pullarini olib kelganini bilmayman. Puldan gap ochilsa, to‘yga va ish boshlashiga olgan qarzlarini yopish bilan ovoraligini aytardi.

2015 yil, o‘g‘lim to‘rt yoshga to‘lganida, qonuniy ajrashdik.

- Demak, o‘g‘lingiz to‘rt yoshga to‘lganida ota-onangiznikiga qaytib keldingiz, shundaymi?

- Yo‘q, aslida o‘g‘lim 9 oyligida o‘zing ham kerak emassan, bolang ham kerak emas, deb meni uydan haydab yuborishgan. Otamnikiga kelganman. To‘rt yoshgacha farzandimni ota-onamni uyida katta qilganman. O‘rtada, 2014-yilda farzandimning otasi va adamlar teng miqdorda pul qo‘shib, meni nomimga ikki xonali uy sotib olishdi.

MXX Grin karta bilan bog‘liq yirik firibgarlikni fosh etdi

Oilamizni tiklash maqsadida to‘rt oygina muddat birga yashadik. Ammo erim yana uydan chiqishni xayoliga keltirmayotganini ko‘rib, «bolamiz och, non, ovqat deyapti, ishlamaysizmi», deganimda hali sen meni nafsoniyatimga tegadigan bo‘ldingmi, deb do‘pposlagan.

Bu ham mayli. Tez orada uyimizga men umrimda ko‘rmagan shaxslar kela boshladi. Ular «Ering bizdan 12 ming dollar olgan. Qaytarmasang, mol-mulkingni musodara qildiramiz», - deb qo‘rqitardi. «Bular kim? Mendan nima istaydi?», deb so‘raganimda, javob o‘rniga meni urib, o‘g‘lim ikkimizni ko‘chaga haydab chiqargan.

«Aytgan pullarini adangga aytib, topib kelmasang, bu uyga kirmaysan. Uyni ham, o‘g‘limni ham senga bermayman» degan.

Shundan so‘ng u bilan qonuniy ajrashishga qaror qildim. Ajrashishim bilan, menga «Grin karta» yutug‘i chiqqan. Aqsh elchixonasiga farzandim bilan birga kelganimda, farzandimga sud orqali otasi tomonidan ta’qiq qo‘yilganini bildim.

Ammo o‘g‘limni oyoqqa turg‘azish uchun, ishlagani ketishim kerak edi. Qolaversa, sobiq erim «men bu pullarni shaxsan olmaganman, bu pullar sening nomingda bo‘lgan uy uchun sarflangan» deb bo‘ynimga katta qarz qo‘yib qo‘ygan. Ilojsiz edim. Notarial ishonchnoma orqali o‘g‘limni ota-onam qaramog‘ida qoldirib, Amerikaga ishlagani ketdim.

Bir yilcha ishlaganimdan so‘ng, bu vaqt oralig‘ida sobiq turmush o‘rtog‘im sud orqali bolani o‘ziga olishga harakat boshlaganidan xabar topdim.

Erimni qarzini to‘lash uchun Amerikaga ketgandim, u esa o‘g‘limdan ayirdi – o‘zbek ayoli hikoyasi

Tasavvur qilayapsizmi? Meni ilojsiz ahvolda qoldirib, yana yuragimga zarba berishga o‘tgandi u. Axir men dam olgani ketganim yo‘q. Bolamni detdomga tashlab ketmaganman. Farzandim uchun jonimni berishimni bilgan holda, u eng nozik joyimga zarba berishga o‘tgan edi.

- Farzandingizni tortib olayotganini eshitgach nima qildingiz?

- Bir kunda yetib kelganman. Men qaytib ketmas edim, lekin ishxonam bilan tuzilgan shartnoma bor edi, qolaversa nomingga ochilgan hisob-raqamlarni yop, diplomlaringni olib, keyin ketasan, deb yozma ravishda Amerikaga chaqirib olishdi. Bir yarim yildan so‘ng batamom qaytib keldim. Sobiq erim allaqachon yana uylangan edi. Sudga murojaat qilib, farzandimni qaytarib olishga harakat qildim. Narkologiya dispanseridan tortib, ruhshunoslar ko‘rigidan-da o‘tdim.

Meni sotgan onamga maktub: menga sizdan o‘zga xech kim, hech nima kerak emas edi

Sud qarori meni foydamga hal bo‘ldi. Sud qarori bilan belgilangan kun farzandimni olish uchun sobiq turmush o‘rtog‘im yashaydigan meni nomimdagi kvartiraga kirib borganimda, birinchi qavatdayoq meni qo‘llarida telefon bilan kutib turgan qo‘ni-qo‘shnilarga duch keldim. Hammasini kamerasi men tomon qaratilgan edi. Nima qilishni bilmay, tepaga, xonadonga chiqdim. Ichkariga kirsam, bir uy odam hamma har tarafdan meni telefon kamerasiga syemka qilishni boshlashdi. O‘g‘lim kutilmaganda baqirib yig‘lashga tushdi.

Qanday qilib, uni qo‘lidan tortib, qochib chiqqanimni bilmayman. Ortimdan yog‘ilgan haqoratlar, qo‘shnilarni baqir-chaqiri… Eslasam, hali ham titrab ketaman.

Pastda meni kutib turgan ota-onamning oldiga kelgach, o‘g‘limni bag‘rimga bosib, "bolam, men nima qilsam ham seni deb qildim-ku, seni yaxshi ko‘raman, o‘g‘lim", deb yig‘lab yubordim. Dilbandim esa: «Oyijon, men ham sizni kutib yashadim. Menga siz haqingizda yomon gaplar aytishardi. Meni hech qachon tashlab ketmang», -dedi, xolos…

Men onaman, qanday qilib tirik bo‘la turib o‘z farzandimni o‘gay onani qo‘liga topshirishim mumkin!? Ilgarilari, o‘g‘limni qaytarsa bo‘ldi, o‘sha kvartirani ham unga tashlab chiqib ketaman, derdim. Endi bildim, inson o‘z taqdiri, o‘z sha’ni uchun kurashishi kerak ekan. Meni pulimga kelgan mol-mulkni ham tez orada qaytarib olaman. Hayot sinovlari tufayli kuchli bo‘lishni o‘rgandim.