TOShKENT, 17 yanv - Sputnik. Toshkent shahrida "O‘zbekistonda xotin-qizlar va oila muammolari: ijtimoiy yordam, ishonch va maqsadli yechimlar" mavzusida Xalqaro Press-klub sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Tadbir davomida O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norbayeva ayollar duch kelayotgan muammolarni sanab o‘tdi, shuningdek, mamlakat bo‘yicha ajrimlar soni va ushbu masala yechimlari xususida to‘xtaldi.
Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra, bugun respublikada oila institutini saqlab qolishga yo‘naltirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, 30 mingdan ortiq oila ajrashish yoqasida turibdi.
"Shuncha amalga oshirgan keng ko‘lamli ishlarimizga qaramay, biz ajrimlar sonini qisqartirishga muvaffaq bo‘lmadik". - dedi Norboyeva.
Ushbu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi qoshida tashkil qilingan "Oila" ilmiy-tadqiqot markazi 2019-yilda onlayn-loyihani ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu loyiha tufayli ajrashishdan keyin moliyaviy muammolari paydo bo‘lgan ayollar o‘z bilim-ko‘nikmalarini oshirib, kasb egallashlari mumkin.
Shuningdek, ayollar qo‘mitasi Oila kodeksiga o‘zgartishlar vaqti kelganini ma’lum qilmoqda. Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat Oila kodeksi ham, Mehnat kodeksi ham hozirgi zamon talablariga javob bermay qo‘ygan.
Misol uchun, keyingi vaqtlarda xorijda turib ishonchnoma orqali ajrashib ketayotgan oilalar soni ko‘paygan. Bunday amaliyotni kelgusida bekor qilish rejalashtirilmoqda. Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, shuningdek, oila qurish yoshini yigitlarga ham qizlarga ham birdek 18 yosh etib belgilash kerakligini ma’lum qildi (hozirda nikoh qurish yoshi yigitlar uchun 18 yosh, qizlar uchun 17 yoshni tashkil etadi).