"Rossiya, Rossiya, azamat o‘lka! Men sening o‘g‘lingman, emasman mehmon", deb yozgan edi, bir paytlar o‘zbek shoiri Hamid Olimjon.
Albatta, bugun bu shior dolzarb emas. Rossiya o‘zining ulkan imkoniyatlari, sarhadlari bilan ishchi kuchiga ehtiyoj sezayotgan, O‘zbekiston navqiron, "ishlayman", deb yonayotgan yoshlari bilan jahonga chiqishga urinayotgan bir paytda buning g‘alati eshitilishi tabiiy. Hammasi o‘zaro manfaatlar doirasida qurilishi lozim. Hech kim hech kimga "o‘g‘il" ham, "aka" ham emas. Davr bunaqa "qarindoshchilik" rishtalarini hazm qilolmadi.
Faqat do‘stlik... Biroq... Bir paytlar, maktabda "Huquqshunoslik" fani o‘qitilardi. O‘shanda "davlatda do‘st bo‘lmaydi, manfaat bo‘ladi, xolos", deb o‘rgatishgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning tashqi siyosatiga manfaatdan tashqari samimiylik, ochiqlik, biroz tuyg‘u va his-hayajon olib kirdi.
Bilamizki, sobiq SSSRda dunyoga chiqish markazlashtirilgan holda amalga oshirilgan, nafaqat huquqiy meyorlar, balki transport, energetika infrastrukturasi ham shunga ixtisoslashtirilgan edi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston mana shu holatdan chiqib ketish borasida ma’lum ishlarni amalga oshirdi. Bir qadar yutuqlarga erishdi. Lekin bir asrdan ortiq vaqt davomida yo‘lga qo‘yilgan ish tartibi va hamkorlik bor edi-ku? Shuncha tajribadan voz kechib, hammasini yo‘qdan boshlash ikki tomon uchun ham yengillikka olib kelmasligini yillar isbotladi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tashqi siyosatning ochiqlik tomon keskin burilishi, do‘stona aloqalarga intilishi, samimiylikning asosiy o‘ringa chiqishi ushbu – necha-necha avlodlar tomonidan shakllantirilgan, yo‘lga qo‘yilgan munosabatlarni qayta tiklanishi, yanada mustahkamlanishiga olib kelmoqda.
Rus matbuotida o‘zbeklarning davlatda hujjatsiz yurishi to‘g‘risidagi reportajlar kamayib, ularning jasorati haqidagi yangiliklar soni ko‘payayotgani, O‘zbekistonda rus tiliga bo‘lgan qiziqish, hatto sobiq sovet daridagidan-da kuchaygani ikki davlat orasidagi millatlararo do‘stlik faqat siyosatgagina qarab qolmaganini ko‘rsatadi.
Davr keldiki, zo‘raki siyosat bilan ancha yillar davomida yo‘lga qo‘yilgan tartiblar, aloqalar, munosabatlarga putur yetkazildi. Suverenitet va mustaqillik borasidagi g‘oyalar avj olganda, iqtisodiy muammolar xalqlarni qiynab qo‘yganda haqiqiy, umrboqiy ruscha savol paydo bo‘ldi: "kim aybdor?" Tomonlar aybni bir-biridan qidirdi. Ta’na-malomatlar ham bo‘ldi.
O‘zbeklar bekorga "gina qilgan qarindoshdan umid" deyishmaydi: vaqt ikki davlatning o‘zaro munosabatlarini yo‘qlik qa’riga singib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Chunki bir-necha avlodlar ko‘pdan-ko‘p rishtalar, munosabatlar, aloqalar davrida, ular asosida tarbiya topdi, o‘sib-ulg‘aydi. Munosabatlar faqat siyosat, davlat, iqtisod darajasida emas, balki, oilaviy, shaxsiy darajagacha tushgan endi.
Endi, o‘shanda iqtisodiy muammolarda o‘zaro munosabatlarning aloqasi bo‘lmagani, suverenitet va mustaqillik degani barcha qarindosh-urug‘, tanish-bilishdan, qadriyatlardan voz kechib yuborish degani emasligini anglab yetilganda, vaziyat tubdan o‘zgardi.
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi va arzon elektr energiyasiga ehtiyoj yuqori, shuningdek, yetishtirilayotgan dehqonchilik, bog‘dorchilik mahsulotlari uchun bozor, energoresurslarning jahon bozoriga chiqish imkoniyat zarur. Bunda Rossiyaning ko‘magi asqotishi tabiiy.
Rus millatida bir naql bor - "inson faqat non bilan tirik emas", deyishadi. O‘zaro hamkorlik faqat iqtisodiy masalalarda, investitsiya, savdo yo‘nalishlarida qolib ketmaydi. Aslida ikki davlatni mustahkam bog‘lagan, iqtisodiy munosabatlar uzilay deb qolgan chog‘larda ham mustahkam turgan – gumanitar soha bo‘ladi.
Rus adabiyoti, ayniqsa uning oltin davri – 19-asr adabiyoti, rus san’ati, xususan, tasviriy san’ati o‘zbekistonliklar uchun har doim mayoq bo‘lganini tan olish lozim. Rus tilini oling. Hali aytildi, unga O‘zbekistonda ehtiyoj kun sayin ortib bormoqda.
Xohlaymizmi, yo‘qmi, O‘zbekiston dunyoga rus tili orqali chiqdi va shu til orqali ko‘proq dunyodan xabardor bo‘lmoqda. Shundan O‘zbekiston har doim qaysidir ma’noda Rossiya manfaatlariga xayrixoh bo‘lgan, dunyoga uning qarashlari bilan boqqan.
Qolaversa, ilm-fan borasidagi hamkorlik, o‘zaro mutaxassislar almashinuvi, yoshlarni o‘qitish, tarbiyalashdagi sherikchilik, ularni bir-birlari bilan yaqindan tanishtirish (bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Moskvadagi bir ma’ruzasida ta’kidlab o‘tgan edi) bugunning muhim masalasi.
Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi davomida mana shu kabi o‘zaro manfaatli masalalar muhokama etilishi nazarda tutilmoqda.
Rus tarixchisi Lev Gumilov Buyuk Xitoy devorining qurilishiga aslida bosqinchilik urushlari emas, balki savdo sanksiyalari sabab bo‘lgan, deganga o‘xshash fikrni ilgari surgan edi (darvoqe, ushbu tarixchi turkiylarning tarixdagi o‘rniga yuqori baho beradi).
Bugun, jahon iqtisodida savdo urushlari avj olib, ramziy Xitoy devorlari barpo etilayotganda azaliy sherik davlatlarning o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga harakat qilishlari tahsinga sazovor va bu munosabatlar ikki davlatning har bir fuqarosida ijobiy kayfiyat uyg‘otib, ularning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.