Uy-joylarni buzishda yo‘l qo‘yilgan minglab qonunbuzarliklar aniqlandi

Adliya vazirligi 2016 – 2018-yillarda uy – joylar buzilish jarayonida hokimliklar tomonidan yo‘l qo‘yilgan minglab qonunbuzarliklarni aniqladi.
Sputnik

TOShKENT, 25-iyul – Sputnik. Adliya vazirligi oxirgi 2-yil davomida O‘zbekistonda uy-joylarni buzishda ko‘plab qonunbuzarliklarni aniqladi, deb xabar qilmoqda muassasa matbuot xizmati.

Xabarda aytilishiga ko‘ra, 2016 – 2018-yillarda yer uchastkasining davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan respublika bo‘yicha 4 689 ta turar va 1 456 ta noturar joylar buzilgan.

Mirobod bozori yonidagi buzilayotgan kafelar o‘rnida uylar quriladi

Ushbu olib qo‘yish va buzish jarayonlari o‘rganib chiqilganda, hokimliklar tomonidan yo‘l qo‘yilgan minglab qonunbuzarliklar aniqlandi.

Mulk egasi oldindan xabardor qilinmagan

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, ko‘ra yer uchastkasi olib qo‘yilishi munosabati bilan mol-mulki buzilishga tushgan mulkdorlar buzilish boshlanishidan 6 oy oldin yozma xabardor qilinishi shart.

Lekin respublika bo‘yicha 688 holatda:  Namanganda – 569ta, Andijonda – 57ta, Navoiyda – 31ta, Buxoroda – 22ta, Samarqandda – 7ta holatlarda – mulk egasi umuman xabardor qilinmagan.

O‘zbekistonda kadastr hujjati yo‘q uy-joy va yerlar to‘liq ro‘yxatga olinadi

Undan tashqari, 985 holatda: Xorazmda – 212 ta, Samarqandda – 189ta, Surxondaryoda – 172ta, Qoraqalpog‘istonda – 125ta, - xabardor qilish muddatiga rioya qilinmagan.

Masalan, Namangan shahri, Uychi ko‘chasidagi 358 ta turar joylar mulkdorlari yozma ravishda xabardor qilinmasdan 2016-yilning avgust oyida buzib yuborilgan. Xiva shahridagi 84 ta turar joylar mulkdorlariga yozma xabar berilgandan 5-7 kun o‘tib buzilgan.

Mol – mulk baholanmasdan buzib yuborilgan

Yuqoridagi Nizom talablariga zid ravishda 100 ta holatda – Andijonda – 56 ta, Navoiyda –31 ta, Buxoro da – 6ta, Xorazmda – 4ta, Namanganda – 2 ta, Jizzaxda – 1 ta – buzilgan turar joylar baholanmagan bo‘lsada, ular uchun kompensatsiya to‘langan.

Sirg‘alida yog‘och uylarni buzish boshlandi

Shuningdek, 391ta holatda – Andijonda – 192, Xorazmda – 138ta, Samarqandda – 37ta, Qashqadaryoda – 14ta, Qoraqalpog‘istonda – 9 ta – esa turar joylar buzilgandan keyin baholangan.

Masalan, Qo‘rg‘ontepa tumanida 5 ta turar joylar baholanmasdan 104 mln. so‘m kompensatsiya to‘langan. Andijon shahrida 2016-yil may oyida buzilgan 42 ta turar joyni baholash 2018-yil 23-aprelda, ya’ni oradan 2-yil o‘tib amalga oshirilgan.

Buzilgan mulk uchun umuman pul to‘lanmagan

Qonunchilikka ko‘ra, davlat va jamoat manfaatlari uchun olingan yer uchastkalarida joylashgan ko‘chmas mulklar uchun kompensatsiya to‘lovi buzilishidan oldin to‘lanishi shart.

Deputat arzon uy-joylar narxi borasida Toshkent hokimidan tushuntirish berishni so‘radi

Lekin, respublika bo‘yicha turar joylari buzilgan 37 nafar mulkdorga – 3 mlrd. 252 mln. so‘m umuman to‘lanmagan, 215 nafariga esa – 15 mlrd. 67 mln. so‘m to‘liq to‘lab berilmagan.

Xususan, Namanganda – 6 mlrd. 889 mln. so‘m, Sirdaryoda – 5 mlrd. 753 mln. so‘m, Navoiyda –1 mlrd. so‘m, Jizzaxda – 601 mln. so‘m, Xorazmda – 444 mln. so‘m, Andijonda va Surxondaryoda – 136 mln. so‘mdan, Qashqadaryoda – 91 mln. so‘m kompensatsiya to‘lovlari bugunga qadar to‘lanmay kelinmoqda.

Masalan, To‘raqo‘rg‘on tumani Pastnaymancha va Xo‘jand mahallalari hududida 2017-yil may-iyun oylarida buzilgan 14 ta turar joylar uchun hisoblangan 1 mlrd. so‘m kompensatsiya puli umuman to‘lanmagan.

Guliston shahrida 2017-yil may-sentabr oylarida buzilgan 113 ta turar joylar uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya mablag‘ining 5 mlrd. 753 mln. so‘mi to‘lanmay kelinmoqda.

O‘zbekistonda arzon uy-joylar uchun dastlabki badal summasi kamaytirildi

Xuddi shunday, noturar joylari buzilgan 13 nafar mulkdorlarga 1 mlrd. 583 mln. so‘m umuman, 24 nafariga esa 1 mlrd. 300 mln. so‘m qisman kompensatsiya to‘lanmay kelinmoqda. Buzilgan 255 ta noturar joy mulkdorlariga bino-inshoot qurish uchun yer uchastkalari ajratilmagan.

Uy egalariga ijara puli berilmagan

Bundan tashqari, deyarli barcha hududlarda turar joylar buzilishi munosabati bilan mulkdorlarni (ularning oila a’zolarini) vaqtinchalik turar-joy bilan ta’minlash yoki ularga ijara haqi va ko‘chib o‘tish xarajatlarini qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.

Hokimliklar ogohlantirildi

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklariga adliya organlarining inson huquqlarini himoya qilish bo‘limlari tomonidan 127 ta taqdimnoma va 52 ta ogohnomalar kiritilib, huquqbuzarliklar sodir etgan 74 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar tegishli sudlarga yuborildi.

O‘zbekistonda xotin-qizlarga arzon uy-joylar beriladi

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli taqdimnomalar kiritildi va bu haqda Hukumatga axborot berildi.

Qonunlar takomillishtiriladi

Hozirda tuman (shahar) adliya bo‘limlari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va bu jarayonda fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash masalalari yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirmoqdalar.

Shuningdek, sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlari vazirlik tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.