TOShKENT, 5-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida "Yoshlar Ittifoqi"ni keskin tanqid ostiga oldi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Shuningdek, joylardagi 4 ta sektor rahbarlarining ko‘pchiligi hali yoshlar masalasi bilan to‘la shug‘ullanmayotgani qayd etib o‘tildi.
Ichki ishlar idoralari, mahalla qo‘mitalari, boshqa jamoatchilik tashkilotlari va ta’lim muassasalarining ham bu boradagi ishlari ko‘ngildagidek emas. Tuman (shahar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishini ham qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Ba’zi hollarda esa yoshlar bo‘yicha mas’ul lavozimlar vakant bo‘lib qolmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida sodir etilgan 17,5 ming jinoyatning qariyb 31 %i yoshlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha jinoyat sodir etgan 22 ming shaxsning 11 ming nafarini yoshlar tashkil etib, bu ko‘rsatkich Andijon, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida, ayniqsa, yuqoriligicha qolmoqda.
Qashqadaryo viloyatida jinoyat sodir etgan yoshlarning 70 foizini o‘qimaydigan va ishlamaydiganlar tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Andijon viloyatida 57, Surxondaryo viloyatida 43, Jizzax viloyatida 42 foizga teng.
Nafaqat uyushmagan yoshlar, balki kollej va maktab o‘quvchilari orasida ham jinoyatlarni sezilarli darajada kamaytirish ta’minlanmayapti. Joriy yilning o‘tgan davrida jami 371 o‘quvchi jinoyat sodir etgan. Kollej o‘quvchilari jinoyatlari soni Sirdaryo, Jizzax, Namangan va Samarqand viloyatlarida keskin oshgan. Maktab o‘quvchilari jinoyati asosan Jizzax, Navoiy, Buxoro, Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi.
Xorazm, Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida voyaga yetmaganlar tomonidan qotillik jinoyatlari sodir etilgani yanada ayanchlidir.
Joriy yilning o‘tgan davrida Toshkent shahrida boshqa viloyatlardan kelib, qarovsiz va nazoratsiz yurgan 1 ming 700 ga yaqin voyaga yetmaganlar aniqlangan, ularning 500 nafari maktab va 670 nafari kollej o‘quvchilaridir.
Shu bois Yoshlar ittifoqi, tegishli vazirlik va idoralarga yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish, ularning qarovsiz va nazoratsiz qolishining oldini olish, ular o‘rtasida jinoyatlarni keskin kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.